Mazkur Bosh assambleya milliy inson huquqlari institutlari faoliyati uchun muhim global qarorlar qabul qilinadigan maydon hisoblanadi. Unda dunyoning turli mintaqalaridagi milliy inson huquqlari institutlari, BMT tuzilmalari, davlatlar va fuqarolik jamiyati vakillari qatnashishmoqda.
Bosh assambleya kun tartibidan Alyans mintaqaviy tarmoqlar axborotlarini eshitish, akkreditatsiya jarayonlari, shuningdek tashkilotning joriy faoliyatiga oid masalalarni ko‘rib chiqish o‘rin olgan.
Ayniqsa, turli mintaqalarda faoliyat yuritayotgan milliy inson huquqlari institutlari hisobotlarining tinglanishi inson huquqlarini taʼminlash borasidagi yondashuvlar, amaliy mexanizmlar va samarali tajribalar bilan yaqindan tanishish imkonini beradi. Bu esa milliy institutlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, dolzarb muammolarga nisbatan zamonaviy yechimlarni muhokama qilish va ilg‘or amaliyotlarni o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Maʼlumot uchun, Global alyans 1993 yilda tashkil etilgan bo‘lib, u bugungi kunda dunyodagi eng yirik milliy inson huquqlari institutlari tarmoqlaridan biri hisoblanadi.
Global alyansning rasmiy maʼlumotiga ko‘ra, 2025 yil dekabr holatiga 119 aʼzo milliy inson huquqlari instituti mavjud. Ulardan 91 tasi “A” maqomga, 28 tasi “V” maqomga ega institutlardir.
Ombudsmanning mazkur tadbirda ishtiroki mamlakatimizda inson huquqlarini taʼminlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni xalqaro maydonda namoyish etish, shuningdek bu yo‘nalishdagi ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish va amaliyotga tatbiq etishda muhim ahamiyatga ega.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






