Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Jenevada O‘zbekiston tashabbusi bilan raqamli makonda inson huquqlarini himoya qilish - O‘zbekiston Ombudsmani tajribasi va xalqaro amaliyotga bag‘ishlangan sayd-ivent o‘tkazildi
2026 yilning 31 mart kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar Global alyansining 2026 yilgi yillik yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston tashabbusi bilan “Raqamli makonda inson huquqlarini himoya qilish: O‘zbekiston Ombudsmani tajribasi va xalqaro amaliyot” mavzusida sayd-ivent o‘tkazildi. Unda 20dan ortiq xorijiy davlatlar Ombudsmanlari hamda qator xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.

Bugun biz jadal rivojlanayotgan raqamli jamiyat sharoitida yashamoqdamiz, bunda virtual makon inson kundalik hayotining ajralmas qismiga aylanmoqda. Jamiyatni raqamlashtirish — bu shunchaki texnologiyalarni joriy etish emas, balki turmush tarzi, tafakkur va ijtimoiy munosabatlarning chuqur transformatsiyasidir. Va u yangi imkoniyatlar bilan birga yangi muammolar va tahdidlarni ham olib kelmoqda.

Jumladan, ular qatoriga – onlayn makonda kamsitish va zo‘ravonlikni o‘sishi, shaxsiy maʼlumotlarga hujumlar, dezinformatsiya tarqalishi, sunʼiy intellektning qaror qabul qilish jarayonlariga taʼsiri va internet tarmog‘ida destruktiv kontentning tarqalishi ham kiradi.

Raqamli muhit jadal surʼatlarda o‘sib borayotgan sharoitda, onlayn makonda inson huquqlarini himoya qilish masalasi asosiy masalalardan biriga aylanmoqda. Bunda inson huquqlari milliy institutlarining faoliyati muhim ahamiyatga ega.

Tadbirda milliy inson huquqlari milliy institutlari faoliyatini raqamli muhitga moslashtirish, shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish, shaxsiy hayot daxlsizligi, onlayn makonda kamsitish va zo‘ravonlikni oldini olish, murojaatlarni qabul qilish va ko‘rib chiqishda raqamli mexanizmlardan foydalanish, shuningdek sunʼiy intellekt bilan bog‘liq yangi chaqiriqlar muhokama qilindi.

Sayd-iventning asosiy maqsadi turli mintaqalardagi inson huquqlari milliy institutlari o‘rtasida ilg‘or tajriba almashish, raqamli makonda inson huquqlarini himoya qilishning zamonaviy yondashuvlari, shuningdek, O‘zbekiston Ombudsmani tajribasining ilg‘or tashabuslarini muhokama qilish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.

Xususan, Sayd-iventni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova ochib berib, mamlakatimizda raqamlashtirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda O‘zbekiston Ombudsmanining o‘z faoliyatida zamon bilan hamnafas holda, jamiyatning ortib borayotgan ehtiyojlarini inobatga olgan holda, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning zamonaviy mexanizmlarini izchil joriy etayotganligi to‘g‘risida maʼlumot berdi.

Tadbirda Ozarbayjon, Italiya, Slovakiya ombudsmanlari, Zimbabve Inson huquqlari komissiyasi, xalqaro tashkilotlar va BMT tizimi ekspertlari, jumladan, Justice pour Tous Internationale (JPTi) tashkiloti ishtirok etib, raqamli makonda inson huquqlarini himoya qilishga oid ilg‘or yondashuv va amaliyotlar bilan bo‘lishdi.

Mazkur muloqot maydoni dunyoning 4 qitʼasidan (Osiyo, Yevropa, Afrika va Avstraliya) kelgan inson huquqlari milliy institutlari va xalqaro ekspertlarni birlashtirib, raqamli makonda inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish uchun muhim platforma vazifasini o‘tadi.

Tadbir yakunida raqamli huquqlarni himoya qilishni milliy darajada kuchaytirish, bu borada xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda milliy institutlar o‘rtasida doimiy muloqotni mustahkamlashga kelishib olindi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati