Navbatdagi “Huquqiy yordam avtobusi” tadbiri Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Andijon viloyati hududiy markazida bo‘lib o‘tdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili tashabbusi bilan o‘tkazilgan ushbu tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulnora Abduvoxidova, Xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashi kotibiyati mudiri Nasibaxon To‘ychiyeva, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Andijon shahar Kengashi raisi Ilhomjon Abdulazizov, shuningdek viloyat IIB, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi, Xotin-qizlar boshqarmasi vakillari hamda Andijon davlat universiteti psixologi ishtirok etdi.
Ayni paytda mazkur markazda 8 nafar ayol va ularning 9 nafar farzandi yashamoqda. Ularning ayrimlari yaqinda kelgan bo‘lsa, boshqalari bir necha oydan buyon shu yerda reabilitatsiya jarayonini o‘tamoqda. Ular kasb o‘rganayotgani, ayrimlari esa ish bilan taʼminlanib, mustaqil daromad topishni boshlagani ham qayd etildi.
Tadbir davra suhbati shaklida o‘tkazildi. Unda markazda yashayotgan ayollar o‘z hayotidagi og‘ir sinovlar, oilasida duch kelgan muammolar, markazdagi sharoitlar va kelgusi rejalari tinglandi.
Suhbat davomida ayollarga himoya orderini olish tartibi, tazyiq va zo‘ravonlik holatlarida qonun qanday himoya qilishi, taʼlim olish, ishga joylashish, tadbirkorlikni boshlash, kasb o‘rganish hamda uy-joy masalalari bo‘yicha mavjud imkoniyatlar haqida tushuntirishlar berildi. Ayrim murojaatlar yuzasidan joyida huquqiy maslahatlar berilgan bo‘lsa, ish so‘rab qilingan murojaatlar tegishli tartibda qabul qilindi.
Tadbir yakunlangach, markazdagi ayollar bilan psixolog tomonidan yakka tartibda ishlandi. Suhbatlar davomida ularning ruhiy holatini yengillashtirish, ichki qo‘rquv va ishonchsizlikni kamaytirish, kelajakka umid bilan qarashiga ko‘maklashishga qaratilgan psixologik muolajalar o‘tkazildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






