Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman Jenevada o‘tkazilayotgan Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar Global alyansining yillik yig‘ilishida ishtirok etmoqda
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) joriy yilning 30 mart – 1 aprel kunlari Shveysariyaning Jeneva shahrida bo‘lib o‘tayotgan Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar Global alyansining navbatdagi umumiy yillik yig‘ilishida ishtirok etmoqda Mazkur nufuzli tadbir BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi hamkorligida BMTning Jenevadagi qarorgohida tashkil etilmoqda.

Rasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, yig‘ilish doirasida Global alyans Byurosi majlisi, Bosh assambleya, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning to‘rt mintaqaviy tarmog‘i uchrashuvlari hamda raqamli makonda inson huquqlarini ilgari surish va himoya qilishga bag‘ishlangan yillik konferensiya o‘tkazilishi nazarda tutilgan.

Xizmat safari dasturidan qator xalqaro tashkilotlar vakillari hamda xorijiy davlatlar Ombudsmanlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar va boshqa tadbirlar ham o‘rin olgan. Jumladan, Osiyo-Tinch okeani forumi, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi, Global alyans kotibiyati hamda BMT Taraqqiyot dasturining Jenevadagi vakolatxonasi vakillari bilan muloqotlar o‘tkazilishi, shuningdek O‘zbekiston tashabbusi bilan “Raqamli makonda inson huquqlarini himoya qilish: Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning tajribasi va eng ilg‘or amaliyot” mavzusida sayd-ivent tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Ombudsmanning mazkur nufuzli tadbirlardagi ishtiroki mamlakatimizda inson huquqlarini taʼminlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni xalqaro hamjamiyatga yetkazish, raqamli transformatsiya sharoitida inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha milliy yondashuvlarni namoyish etish, shuningdek ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganishga xizmat qiladi.

Qayd etish lozimki, 2020 yilda Global alyans tomonidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatining Parij prinsiplariga muvofiqligi bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tkazildi va unga “V” maqomi berildi. Hozirda “A” maqomni olish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati