Mintaqaviy vakil qabulida bo‘lgan har uchala murojaatchi ham turmush o‘rtog‘i tomonidan tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan, jismoniy hamda ruhiy bosim ko‘rgan ayollar bo‘lib, ayni paytda bolalari bilan ushbu markazda vaqtinchalik boshpana bilan taʼminlangan.
Murojaatlarni o‘rganish jarayonida ushbu ayollar markazdan chiqqanidan so‘ng yashash uchun doimiy joy masalasi dolzarb ekani aniqlandi. Shu bois, ularning murojaatlari asosida tegishli tuman hokimliklariga ijtimoiy turar joy fondidan joy ajratish masalasini ko‘rib chiqish, prokuratura organlari bilan esa ayollarga nisbatan davom etayotgan tazyiq holatlari yuzasidan qonuniy choralar ko‘rilishini taʼminlash bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
“Tenglik va hurmat” platformasi doirasida bunday o‘rganish va muloqotlar respublika bo‘ylab tashkil etilmoqda. Ushbu yondashuvda nafaqat tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni huquqiy, ijtimoiy va psixologik jihatdan qo‘llab-quvvatlash, balki zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ygan shaxslar bilan ham profilaktik va tushuntirish ishlarini olib borishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu esa kelgusida qayta zo‘ravonlik holatlarining oldini olish, oilaviy munosabatlarda hurmat va masʼuliyat muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






