Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Aliment qarzdorlarini ommaviy eʼlon qilish amaliyoti inson huquqlariga zid — Ombudsman
Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyatida aliment bo‘yicha qarzdor shaxslarning ro‘yxatlari mahalla Telegram-guruhlariga tarqatilayotgani, shuningdek ularning fotosuratlari mahalla binolari va masjid hududlariga ilib qo‘yilayotgani haqidagi xabarlar keng muhokama qilinmoqda.

Taʼkidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasida insonning shaʼni va qadr-qimmati daxlsizdir. Hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi qatʼiy belgilangan.

Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 7 moddasiga ko‘ra, jazo va boshqa huquqiy taʼsir choralari jismoniy azob berish yoki inson qadr-qimmatini kamsitish maqsadini ko‘zlamaydi.

Aliment to‘lash — ota-onaning qonuniy majburiyati va bolaning daxlsiz huquqidir. Bolaning taʼminot olish huquqi davlat himoyasida bo‘lib, uni taʼminlash bo‘yicha choralar qonun doirasida qatʼiydir.

Biroq qarzdorlarni ommaviy ravishda obro‘sizlantirish, shaxsiy maʼlumotlarini tarqatish yoki fotosuratlarini jamoat joylariga ilib qo‘yish kabi amaliyotlar huquqiy davlat tamoyillariga mos kelmaydi va inson qadrini kamsitishga olib keladi.

Inson qadri — har qanday ijro harakatlaridan ustundir.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati