Unda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning 2025-yildagi faoliyati hamda Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani)ning bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka davlat organlari tomonidan rioya etilishi haqidagi maʼruzalari muhokama qilindi.
Senatorlar tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy masalalar sohalarida fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash, shuningdek, qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish maqsadida Ombudsmanning davlat organlari va tashkilotlariga, ularning mansabdor shaxslariga yuborilgan ariza va daʼvo arizalari, taqdimnomalari hamda tavsiyaviy xususiyatga ega xulosalarining ijro etilishi masalalari ko‘rib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, 2025-yilda Ombudsman nomiga 26 372 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 7 558 tasi iqtisodiy, 6 729 tasi ijtimoiy, 4 255 tasi shaxsiy huquq va erkinliklar, 2 841 tasi siyosiy, 1 257 tasi bola huquqlari, 284 tasi ekologik hamda 725 tasi boshqa yo‘nalishlarga to‘g‘ri keladi.
Majlisda Bola huquqlari bo‘yicha vakilining bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan rioya etilishi holati haqidagi maʼruzasi ham ko‘rib chiqildi.
Oliy Majlis Bola huquqlari bo‘yicha vakili faoliyati doirasida bolalar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish ishlari davom etgani, hisobot yilida sohada qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingani qayd etildi. Uning nomiga kelib tushgan murojaatlar soni ham sezilarli oshgan.
Yo‘llangan murojaatlarning 509 tasi (26,3 foizi) ijobiy hal etilgan, 708 tasi (36,6 foizi) bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilgan, 573 tasi (29,6 foizi) tegishliligi bo‘yicha yuborilgan.
Senatorlar Bola huquqlari bo‘yicha vakilning taʼsir choralarini qo‘llash samaradorligini oshirish, murojaatlar bilan ishlash sifatini yaxshilash, nazorat va ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha o‘z tavsiyalarini bildirdi.
Muhokama yakunida qo‘mitalarning mazkur maʼruzalarni Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritish haqidagi qo‘shma qarori qabul qilindi.






