Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Senat Qo‘mitasi majlisida Ombudsmanning 2025 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi maʼruzasi ko‘rib chiqildi
2026 yilning 20 fevral kuni Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasining navbatdagi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning 2025-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi maʼruzasi dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.

Muhokama mobaynida taʼkidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini taʼminlashda Ombudsman institutining o‘rni va ahamiyati izchil ortib bormoqda. Fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar soni, ko‘rib chiqilgan masalalar ko‘lami va ular bo‘yicha erishgan natijalar shundan darak berib turibdi. Bu esa Ombudsman instituti aholi uchun haqiqiy va taʼsirchan himoya mexanizmiga aylanib borganini ko‘rsatmoqda.

Senatorlar Ombudsman tomonidan 2025 yilda inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlashga qaratilgan qator ishlar bajarilganini taʼkidladi. Jumladan, Ombudsman tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquq va manfaatlarini himoya qilish va tiklash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilgan.

O‘tgan yilda Ombudsmanga iqtisodiy huquq va erkinliklar bo‘yicha 7 584 ta murojaat kelib tushgan. Ularning aksariyat qismi Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari, shuningdek, Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi.

Murojaatlar asosida 2025-yilda yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyoji uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan kompensatsiya tariqasida to‘lanishi lozim bo‘lgan 3,9 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni fuqarolarning foydasiga undirishga yordam ko‘rsatildi.

Shuningdek, o‘tgan yilda ish haqi va mehnat munosabatlari bilan bog‘liq murojaatlar yuzasidan fuqarolarga 2,3 mlrd so‘m miqdorida pul mablag‘lari undirildi.

Muhokama yakunida Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.