Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman maʼruzasi ko‘rib chiqildi
2026 yilning 6 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi tomonidan Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman)ning 2025-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi maʼruzasi dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonun bilan Ombudsman faoliyatining institutsional asoslari takomillashtirilib, u har yili, hisobot yilidan keyingi yilning 15 fevralidan kechiktirmay Oliy Majlis palatalariga o‘z faoliyati to‘g‘risida maʼruza taqdim etishi belgilab qo‘yilgan.

Shundan kelib chiqib, Ombudsman 2025 yilda yangi konstitutsiyaviy qoidalar asosida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish, sohaga oid milliy qonunchilikni hamda milliy preventiv mexanizmni takomillashtirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish kabi ustuvor vazifalar to‘g‘risida tayyorlangan maʼruzasini Qonunchilik palatasiga taqdim etdi.

Maʼruzada keltirilganidek, 2025 yilda Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) nomiga 26 ming 372 ta murojaatlar kelib tushgan.

Fuqarolar manfaatida jami 11 mlrd. 82 mln. so‘m undirilgan. Shuningdek, ko‘plab fuqaroning mehnat faoliyati bilan bog‘liq huquqlari tiklangan. Buzilgan mehnat huquqlarini tiklash maqsadida aholining zaif qatlamiga “pro bono” tarzda sudlarga 88 ta ariza, daʼvo ariza va shikoyatlar kiritilishida yordam berilgan.

Shuningdek, o‘tgan davrda inson huquqlarini buzgan davlat tashkilotlari masʼullari va huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari intizomiy, maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ombudsman tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalarga 954 marotaba monitoring amalga oshirilgan.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda respublikadagi 81 ta shahar va tumanlarning 204 ta umumiy o‘rta taʼlim maktablarida 11,4 mingga yaqin o‘quvchilarni qamrab olgan “Ombudsman soati” darslari o‘tkazilgan.

Yig‘ilishda Ombudsman tomonidan xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini kamaytirish, ularning huquqiy himoyasi va imkoniyatlaridan xabardorligini oshirish, jamiyatda gender tengligi va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash maqsadida “Tenglik va hurmat” platformasi joriy qilingani alohida urg‘ulandi.Shuningdek, deputatlarning saylov okruglaridagi uchrashuvlari davomida fuqarolar tomonidan kelib tushayotgan murojaatlar yuzasidan Ombudsmanning mintaqaviy vakillari bilan hamkorlikni yana-da kuchaytirish, murojaatlar eng ko‘p tushgan tumanlarda sektor rahbarlari bilan uchrashuvlar tashkil etish, ularning sabablari bilan qiziqish lozimligi taʼkidlandi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati