Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Komissiya yig‘ilishida Ombudsmanning 2025 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi ma’ruzasi muhokama qilindi
2026 yilning 16 yanvar kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiyaning kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Ombudsman huzuridagi Ilmiy-maslahat kengashi a’zolari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) 2025 yildagi faoliyati yuzasidan ma’ruzasi ko‘rib chiqildi.

Ma’lumki, qonunchilikka muvofiq Ombudsmanning yillik ma’ruzasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining majlislarida har yili eshitiladi.

Ombudsman ushbu ma’ruzani Oliy Majlisga kiritishdan oldin dastlabki tarzda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirokida Ombudsman huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiyada muhokama qilish amaliyotini yo‘lga qo‘ygan.

Tadbirda qayd etilishicha, 2025 yilda Ombudsman nomiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan jami 26 372 ta murojaat kelib tushdi. Ushbu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 12,6 foizga ko‘paygan. Ahamiyatlisi, zamonaviy AKT vositalari, ya’ni virtual qabulxona, ishonch telefoni hamda mobil ilova orqali kelib tushgan murojaatlar soni 125,0 foizga oshgan.

Murojaatlarni ko‘rib chiqish yakunlariga ko‘ra, Ombudsman ko‘magida fuqarolar manfaatida 10,6 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ undirilishiga erishildi. Shundan 2,3 mlrd so‘m ish haqi va mehnat munosabatlariga oid to‘lovlar, 3,9 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘lar esa fuqarolarga buzilgan uy-joyi uchun to‘lab berilgan kompensatsiyani tashkil etdi.

Ombudsman va uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari a’zolari tomonidan qiynoqqa solish holatlarining oldini olish bo‘yicha 954 ta monitoring tashrifi amalga oshirildi. Monitoring tashriflari davomida mahkum va mahbuslar bilan 5 487 ta holi tarzdagi suhbatlar hamda 11,0 mingdan ortiq shaxslar bilan jamoaviy uchrashuvlar o‘tkazildi.

Yig‘ilishda ishtirokchilar Ombudsmanning murojaatlar bilan ishlash, qiynoqqa solish holatlarining oldini olish, monitoring va huquqiy tahlil, xalqaro hamkorlik, huquqiy targ‘ibot hamda OAV bilan ishlash yo‘nalishidagi faoliyati bilan tanishtirildi.

Ombudsman o‘z faoliyatida doimo jamoatchilik — fuqarolik jamiyati institutlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari bilan hamkorlik qilib kelmoqda.

Yig‘ilishda jamiyatda mavjud bo‘lgan masalalar, ularga yechim topish hamda inson huquqlari sohasida qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Ombudsman tadbirda fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan bildirilgan fikr va takliflar Oliy Majlisga kiritiladigan yillik ma’ruzani shakllantirishda inobatga olinishini ta’kidladi. Bu amaliyot jamoatchilik bilan ochiq va manfaatli muloqotni ta’minlashga, inson huquqlari sohasidagi dolzarb masalalarni tahlil qilishga xizmat qiladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati