Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabar yuzasidan rasmiy munosabat
Ijtimoiy tarmoqlarda 2026 yilning 7 yanvar kuni Qashqadaryo viloyati “Koson” 10-sonli jazoni ijro etish muassasasida jazo o‘tayotgan mahkum G‘.M.ning sog‘lig‘i va unga nisbatan munosabat bilan bog‘liq xabar eʼlon qilindi. Mazkur holat darhol Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan nazoratga olinib, shu kuni uning Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan joyiga chiqib o‘rganildi.

O‘rganish doirasida mahkum bilan bevosita suhbat o‘tkazildi, uning sog‘lig‘iga oid tibbiy hujjatlar bilan tanishildi.

Tibbiy maʼlumotlarga va mahkum G‘.M.ning so‘zlariga ko‘ra, mahkum G‘.M. 2023 yilda, yaʼni muassasaga kelishidan avval miokard infarkti o‘tkazgan, yurak toj tomirlarini stentlash amaliyotidan o‘tgan, shuningdek, bosh miya qon aylanishining o‘tkir buzilishi (insult) holatini boshidan kechirgan. Unda yurak ishemik kasalligi, infarktdan keyingi kardioskleroz, gipertoniya kasalligi hamda boshqa surunkali kasalliklar mavjud.

Mahkum G‘.M.da 2-guruh nogironligi mavjud va tibbiy ko‘rsatmalarga asosan u 2024 yil 17 oktyabrdan - 7 noyabrgacha, 2025 yilning 15-fevralidan 11 martigacha, 27 martidan 9 iyuligacha, 5 sentyabridan 1-oktyabrigacha va 29 oktyabridan 26 noyabrigacha 23-sonli mahkumlar uchun ixtisoslashtirilgan kasalxonada belgilangan tartibda statsionar davolangan.

Shuningdek, mahkum G‘.M.ning so‘zlariga ko‘ra u muassasada mehnatga jalb qilinmagan, shifokor xulosalariga muvofiq dispanser hisobida turib, individual sog‘lomlashtirish rejasi asosida doimiy tibbiy nazoratga olingan.

Mahkum G‘.M. muassasa masʼul xodimlarining xatti-harakatlari bo‘yicha Ombudsman nomiga murojaat qilgan va murojaatida ko‘rsatilgan holatlar bo‘yicha Ombudsman tomonidan Bosh prokuraturaga tegishli tartibda talabnoma kiritildi.

Ombudsman mazkur holatni har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘rganish taʼminlanishini so‘raydi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)Axborot xizmati