Navbatdagi ochiq muloqotlar Toshkent, Andijon, Navoiy, Xorazm, Qashqadaryo, Namangan viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazildi. Dastlab, murojaatlar tahlil qilinib, har bir hudud uchun dolzarb masalalar aniqlandi va tegishli mas’ul idora vakillari jalb etildi.
“Ombudsman maktabi” tadbirlarida jami 1000 nafarga yaqin fuqarolar qamrab olindi. Xususan, Toshkent viloyati Angren shahridagi “Navbahor”, “Obod”, “Ulug‘bek”, “Zarbulog‘”, “Apartak” va Olmaliq shahridagi “Bobur”, “Sahovat” hamda “Kamalak” mahallalari, Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi “Angidon” va “Langar”, Konimex tumanidagi “Navro‘z”, “Sho‘rtepa”, “Birlik”, “Guliston”, “Yuksalish” mahallalari, Xorazm viloyati Tuproqqal’a tumanidagi “Muhabbat”, “Yoshlik” va “Navbahor”, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qanliko‘l tumanidagi “Do‘stlik”, “Madaniyat”, “Navro‘z”, “Arzimbetqum” va boshqa mahallalarda yashovchi fuqarolar ishtirok etishdi.
Ularga kiberjinoyatchilik va moliyaviy firibgarlikning oldini olish, mehnat munosabatlari va mehnat migratsiyasi jarayonlarini huquqiy tartibga solish, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash masalalari yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi.
“Ombudsman maktabi” tadbirlaridan so‘ng hududiy vakillarning sayyor qabullari ham o‘tkazilib, fuqarolar murojaatlari qabul qilindi.
Shuningdek, Andijon viloyati Andijon shahridagi OITSga qarshi kurash markazi, Andijon davlat tibbiyot instituti, Namangan davlat universitetining Yuridik hamda Ijtimoiy fanlar fakultetlari, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti, Qashqadaryo viloyatidagi Ayollar markazi, Qarshi davlat texnika universiteti, Turon universiteti hamda Axborot texnologiyalari va menejment universitetida ham “Ombudsman maktabi” tadbirlari o‘tkazildi.
Ushbu tadbirlarda talabalarga yoshlarga oid davlat siyosati va ular uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida tushuntirish berildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati.






