Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Serbiya Ombudsmanining 20 yilligi nishonlandi
2025 yil 13–14 noyabr kunlari Belgrad shahrida “Fuqarolar himoyachisi – yigirma yil faoliyat natijalari” mavzusida xalqaro ilmiy anjuman bo‘lib o‘tdi. Tadbir Serbiya Respublikasi Fuqarolar himoyachisi (ombudsmani) instituti tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, unda Yevropa va Osiyoning turli davlatlaridan ombudsmanlar, xalqaro ekspertlar hamda ilmiy doira vakillari ishtirok etdi.

Anjumanda Turkiya, Bosniya va Gersegovina, Italiya, Ozarbayjon, Qatar, Xitoy, Makedoniya va boshqa davlatlar ombudsmanlari ham ishtirok etib, institutning mustaqillik kafolatlari, fuqarolar huquqlarini himoya qilish amaliyoti hamda raqamli davrdagi yangi chaqiriqlar haqida fikr almashishdi.

Xalqaro anjumanda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari B.Narimonov ishtirokchilarni mamlakatimizda inson huquqlarini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar va bu jarayonda Ombudsman institutining roli haqida tanishtirdi.

Serbiya Fuqarolar himoyachisi instituti (Protector of Citizens) 2005 yilda tashkil etilgan bo‘lib, mustaqil organ sifatida mamlakatda inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash hamda davlat idoralari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirib kelmoqda.

2023 yilda O‘zbekiston va Serbiya Ombudsmanlari o‘rtasida ikki tomonlama memorandumi imzolangan bo‘lib, ushbu hujjat doirasida murojaatlar bilan ishlash va xodimlar malakasini oshirish borasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati