Uchrashuv chog‘ida markazda vaqtincha yashab kelayotgan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan voyaga yetmagan bolalar bilan suhbatlar o‘tkazildi. Bolalarning har biri bilan bevosita muloqotda ularning ta’lim olishi, sog‘ligi va psixologik holatiga alohida e’tibor qaratildi. Bolalar suhbatda ularga ta’lim olish va dam olish uchun barcha imkoniyatlar yaratilganini, tarbiyachilar mehr va e’tibor bilan munosabatda bo‘layotganini aytishdi.
Hozirgi vaqtda ushbu muassasada 5 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan bolalar saqlanmoqda. Ularni tez orada O‘zbekistonga yaqinlari bag‘riga qaytarish choralari ko‘rilmoqda.
Uchrashuvda Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili, Rossiya Federatsiyasidagi O‘zbekiston Respublikasi Elchixonasi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Ijtimoiy himoya milliy agentligi vakillari ishtirok etdilar.
Ta’kidlash lozimki, Ombudsman Rossiyaga tashrifi davomida mamlakatda ishlayotgan va o‘qiyotgan hamyurtlarimiz, xorijlik fuqarolarni vaqtincha saqlash markazlarida saqlanayotgan o‘zbekistonliklar hamda voyaga yetmagan bolalar yashayotgan muassasalarda bo‘lib, ularning huquqiy va ijtimoiy ahvolini o‘rgandi. Tashriflar chog‘ida yurtdoshlarimiz bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilib, ular tomonidan bildirilgan masalalarga aniq yechim topish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






