Tadbirda Yevropa, Osiyo, Afrika, Lotin va Janubiy Amerikadan, jami 60 dan ortiq davlatlarning inson huquqlari bo‘yicha vakillari hamda xalqaro tashkilotlar ishtirok etdi.
Anjuman doirasida raqamli jamiyatda inson huquqlarini himoya qilish, shaxsiy ma’lumotlarni muhofaza etish, raqamli tengsizlikni kamaytirish, kiberxavfsizlikni ta’minlash va internetda destruktiv kontentning oldini olish kabi masalalar muhokama qilindi.
Ombudsman Feruza Eshmatova ta’kidlaganidek, raqamlashtirish — bu faqat zamonaviy texnologiyalarni joriy etish emas, balki inson huquqlarini ta’minlashning ochiq, tezkor va samarali mexanizmlarini yaratish demakdir.
Raqamli jarayonlarda har bir fuqaroning huquq va erkinliklari hurmat qilinishi, ma’lumotlar bilan ishlashda shaffoflik va mas’uliyat tamoyillariga rioya etilishi zarur.
Ma’lumki, O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, raqamli transformatsiya jarayonlari inson huquqlarini himoya qilish sohasini ham qamrab olgani ta’kidlandi.
Konferensiya yakunlariga ko‘ra, ishtirokchilar raqamlashtirish jarayonlarining turli davlatlardagi amaliy tajribalari, inson huquqlarini himoya qilishda raqamli texnologiyalardan foydalanishning ilg‘or usullari va raqamli xavfsizlikni ta’minlash masalalari bo‘yicha fikr almashdilar.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati.






