Ikki kunlik o‘rganish davomida 11-sonli tergov hibsxona, ma’muriy qamoqqa olinganlarni saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxona, Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Xorazm viloyati mintaqaviy filiali, viloyat ruhiy kasalliklar dispanseri, viloyat IIB reabilitatsiya qilish markazi, viloyat IIB vaqtincha saqlash hibsxonasi (VSX)da hamda Xonqa tumanidagi mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish punkti va Xiva “Murovvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun erkaklar internat uylaridagi sharoitlar o‘rganildi.
Monitoring tashriflari chog‘ida tergov hibsxonasi va vaqtincha saqlash hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslarning yashash, ovqatlanish va tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlari tahlil qilindi. Shuningdek, kameralar holati, kuzatuv tizimlari, ko‘rikdan o‘tkazish tartiblari hamda tibbiy xonalar holati o‘rganildi.
Qayd etish lozimki, avvalgi monitoring tashriflarida bildirilgan Ombudsman tavsiyalariga ko‘ra, ma’muriy qamoqqa olinganlarni saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxona hamda Xonqa tumanidagi mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish punkti ta’mirlangani ma’lum qilingan edi. Monitoring tashriflarida jamoatchilik guruhlari tomonidan ushbu ob’yektlardagi amaliy ishlar ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Xorazm viloyati mintaqaviy filialida va Xonqa tumanidagi mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish punktida aniqlangan kamchiliklar joyida bartaraf etildi.
Monitoring jarayonida “Ombudsman qutilari” orqali kelib tushgan murojaatlar ko‘rib chiqildi, muassasalarda sayyor qabullar o‘tkazilib, fuqarolar murojaatlari eshitildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati