Yangi o‘quv yilidan buyon “Ombudsman soati” mashg‘ulotlari mamlakatimizning barcha hududlarida izchil davom etmoqda. Bu davr mobaynida jami 1175 nafar o‘quvchi qamrab olindi.
Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxiatosh tumanidagi 1 va 4-sonli umumiy o‘rta taʼlim maktablarida, Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanidagi 1 va 11-sonli umumiy o‘rta taʼlim maktablarida, Buxoro shahridagi 9 va 10-sonli umumiy o‘rta taʼlim maktablarida, Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumanidagi 3 va 24-sonli umumiy o‘rta taʼlim maktablarida, Sirdaryo viloyati Mirzaobod va Boyovut tumanlari hamda Shirin shahridagi 16, 4 va 7-sonli umumiy o‘rta taʼlim maktablarida, Qashqadaryo viloyati Muborak, Qamashi va Qarshi tumanlaridagi 6, 1, 2 va 66-sonli maktab hamda Politexnikumda, Samarqand viloyatining 40-ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabida, Xorazm viloyati Gurlan tumanidagi 3-sonli maktabda, shuningdek, Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi 69-sonli umumiy o‘rta taʼlim maktabida darslar tashkil etildi.
Erkin muloqot shaklida o‘tgan darslarda yuqori sinf o‘quvchilariga inson huquq va erkinliklari, raqamli dunyoda xavfsizlik, kiberxavfsizlik, tenglik va masʼuliyat tushunchalari hayotiy misollar orqali tushuntirildi. Shuningdek, tabiatni asrash, atrof-muhitni muhofaza qilish va inson huquqlari o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida videomateriallar yordamida interaktiv tarzda fikr almashildi.
Ombudsman Devoni hamda hududlardagi mintaqaviy vakillari tomonidan o‘tkazilgan amaliy mashg‘ulotlar o‘zaro savol-javob va qizg‘in muhokamalarga boy tarzda o‘tdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati