Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Sirdaryoda “Tenglik va hurmat” platformasi doirasida jabrlangan ayollar va agressorlar bilan amaliy ishlanadi
2025 yil 15 oktyabr kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tashabbusi bilan Sirdaryo viloyatida “Tenglik va hurmat” platformasi doirasida qator amaliy tadbirlar o‘tkazildi.

 Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Sirdaryo viloyati hududiy markazida tashkil etilgan “Huquqiy yordam ko‘prigi” tadbiri doirasida jabrlangan 12 nafar ayolning murojaatlari o‘rganilib, ularga huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatildi. Davlat tomonidan ayollarni qo‘llab-quvvatlash borasida berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar tushuntirildi.

Tadbirga Sirdaryo viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Sirdaryo viloyati boshqarmasi, Viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi, Ichki ishlar boshqarmasi xotin-qizlar va yoshlar bilan ishlash bo‘limi va psixologlar jalb etildi.

Muloqotlar davomida 2 nafar ayolga Sirdaryo viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari taklif etildi, 1 nafar ayolning yer ajratish masalasi bo‘yicha Oila va xotin-qizlar boshqarmasi tomonidan amaliy yordam ko‘rsatilishi belgilandi.

Bu galgi tadbirning muhim jihati shundaki, ilk bor oilaviy zo‘ravonlik sodir etgan ikki nafar erkak — agressor bilan ham psixolog individual ishladi. Ular bilan mas’uliyat, oilaviy munosabat va tenglik mavzusida terapevtik mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Shuningdek, platforma doirasida Sirdaryo viloyati tumanlarining Oila va xotin-qizlar bo‘limlari rahbarlari ishtirokida amaliy muloqot tashkil etildi. Unda hududlardagi mavjud zo‘ravonlik holatlari, tizimdagi dolzarb muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari muhokama qilindi. “Tenglik va hurmat” platformasi doirasidagi bunday tadbirlar respublikaning barcha hududlarida izchil ravishda davom etmoqda.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati