Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Penitensiar muassasalarga amalga oshiriladigan monitoring tashriflar bo‘yicha xalqaro tajriba o‘rganildi
2025 yilning 29-30 sentyabr kunlari Toshkent shahrida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YEXHT) O‘zbekistondagi Loyihalari koordinatori, Buyuk Britaniyaning Xalqaro taraqqiyot tashkiloti (UK International Development), Xalqaro taraqqiyot va adolat markazi hamkorligida ozodlikdan mahrum etish joylarida monitoring o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan ikki kunlik seminar-trening o‘tkazildi.

Tadbirda inson huquqlari sohasida faoliyat yurituvchi Ombudsman Devoni xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etishdi.

Treningning asosiy maqsadi – qiynoqlarning oldini olish va huquqbuzarliklarni aniqlashda monitoring tashriflarining o‘rni va vazifalarini tushunish, shuningdek tashriflarni rejalashtirish va o‘tkazishda xalqaro amaliyot talablarini o‘rganishdan iborat bo‘ldi.

Seminarga ekspert sifatida BMT Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha kichik qo‘mitasi (SPT) raisi o‘rinbosari, Xalqaro taraqqiyot va adolat markazi (CDJI) boshqaruvi raisi Elina Steynerte, Xalqaro taraqqiyot va adolat markazi (CDJI) prezidenti, jinoiy adolat tizimi va inson huquqlari bo‘yicha xalqaro ekspert Azamat Shambilov hamda CDJI boshqaruvi raisi o‘rinbosari, Olster universiteti professori, mahkumlar ishlari bo‘yicha Shimoliy Irlandiyaning sobiq ombudsmani Paulin MakKeyblar jalb etildi.

Seminarda ishtirok etgan Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi E.P. Timoti Smart o‘z nutqida mamlakatimizda qiynoqlarning oldini olish va ushbu sohada xalqaro standartlarni joriy etish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar yuqori bahoga sazovor ekanini taʼkidladi. Shu bilan birga, u O‘zbekistonning qiynoqlarga qarshi milliy qonunchilikni takomillashtirish, monitoring tashriflari amaliyotini kengaytirish va fuqarolar huquqlarini himoya qilishda erishgan natijalarini alohida qayd etdi.

Elchi shuningdek, Toshkentdagi jazoni ijro etish muassasalariga tashrifi chog‘ida mahkum va mahbuslarga yaratilgan sharoitlar va monitoring mexanizmlaridan katta taassurot olganini taʼkidladi. Uning fikricha, bugungi islohotlar nafaqat O‘zbekistonning inson huquqlariga sadoqatini namoyon etmoqda, balki ushbu yo‘nalishdagi kelgusi taraqqiyot uchun muhim poydevor vazifasini ham bajaradi. Elchi qayd etganidek, monitoringning asosiy maqsadi aybdorni aniqlash emas, balki ishonchni mustahkamlash, ochiqlik va hisobdorlikni taʼminlashdan iborat. Shu bois, bunday amaliyotlar jamiyat va institutlar o‘rtasida ishonchni kuchaytirish hamda adolat tamoyillarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Elina Steynerte esa har qanday davlatda ham qiynoqlar yoki boshqa shafqatsiz muomala holatlari yuzaga kelish xavfi mavjudligiga urg‘u berib, bunday holatlarning oldini olish maqsadida penitensiar muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ishlab chiqilgan metodikalar mavjudligini bildirdi.

Interaktiv mashg‘ulotlarga boy tarzda o‘tgan 2 kunlik seminar davomida ishtirokchilar monitoring tashriflarini rejalashtirish va amalga oshirish, dalillarni yig‘ish va tahlil qilish, muassasa maʼmuriyati hamda ushlab turilgan shaxslar bilan suhbatlar o‘tkazishning samarali usullari bilan tanishdilar. Ular xalqaro standartlarga asoslangan holda hisobot tayyorlash, amaliy tavsiyalar ishlab chiqish va ularning ijrosini taʼminlash bo‘yicha ham ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.

Seminar davomida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalarga amalga oshiriladigan monitoring tashriflarida qo‘llanilishi uchun metodologiya ishlab chiqildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilarga treningdagi faol ishtiroki uchun sertifikatlar topshirildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati

 

Yangiliklar kategoriyalari