Uchrashuvning asosiy maqsadi – O‘zbekiston va Daniya inson huquqlari milliy institutlari o‘rtasida hamkorlik va tajriba almashishni rivojlantirish bo‘ldi.
Kun davomida qator maxsus sessiyalar tashkil etildi. Xususan, delegatsiyaga Daniya Inson huquqlari institutining faoliyat yo‘nalishlari va loyihalari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi. Shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida amalga oshirilayotgan loyihalar, inson huquqlari va raqamli texnologiya sohasidagi tadqiqotlar, sun’iy intellekt yuzasidan ma'lumotlar berildi.
Shu kuni 40 yillik tajribaga ega “DIGNITY” nodavlat notijorat tashkilotiga ham tashrif buyurildi. Uchrashuvlarda delegatsiya a’zolari inson huquqlarini himoya qilish, turli ijtimoiy guruhlar huquqlarini ta’minlash, shuningdek, huquqiy ta’lim va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdilar.
Ayniqsa, “DIGNITY” tashkiloti faoliyatida qochoqlar bilan ishlash, qiynoqlarning oldini olish, jabrlangan shaxslarga tibbiy va psixo-ijtimoiy yordam ko‘rsatish hamda xalqaro hamkorlik orqali samarali dasturlarni amalga oshirish tajribasi haqida ma’lumotga ega bo‘lishdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati