Seminarning maqsadi — jamoatchilikning inson huquqlarini taʼminlashga qaratilgan byudjet jarayonlaridagi ishtirokini mustahkamlash, huquqiy va amaliy bilimlarni oshirish, shuningdek milliy byudjetni inson huquqlari nuqtai nazaridan tahlil qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishdan iborat.
Seminarda BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘limi inson huquqlari bo‘yicha maslahatchisi Igor Grishko qatnashib, o‘z tajribasi bilan bo‘lishdi.
Tadbirda Ombudsman Devoni xodimlari, fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, shuningdek jurnalist hamda blogerlar ishtirok etishmoqda. Ishtirokchilar iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar tushunchasi, sog‘lom va barqaror atrof-muhit huquqining ahamiyati, milliy va xalqaro monitoring mexanizmlari haqida bilimlarini mustahkamlash bilan birga, inson huquqlariga asoslangan byudjet tahlili usullarini o‘rganishmoqda.
Seminarda davlat xarajatlari va daromadlari ustidan jamoatchilik nazorati, ekologik huquqlarni himoya qilishda byudjet siyosatining ahamiyati kabi masalalar ham muhokama qilindi.
Ushbu seminar 16 sentyabr kuni ham o‘z ishini davom ettiradi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati