2025 yil 11 sentyabr “Women in Justice Empowerment Breakfast” motivatsion uchrashuvi bilan boshlandi. Ushbu noanʼanaviy formatdagi motivatsion nonushtada Qozog‘iston Konstitutsiyaviy sudi va Oliy sudi sudyalari, parlament qo‘mitalari vakillari, shuningdek, Bosniya va Gersegovina, Buyuk Britaniya, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondan sudya va ombudsmanlar ishtirok etdi. Tadbirda xalqaro tashkilotlar — Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT), Venetsiya komissiyasi, Xalqaro sud maʼmuriyati assotsiatsiyasi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ayollar tuzilmasi (UN Women)kabi nufuzli tuzilmalarning vakillari ham qatnashishdi.
Uchrashuvda ayollarning odil sudlov sohasidagi o‘rni va nufuzini oshirish, ularning kasbiy rivojlanishiga ko‘maklashish hamda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalari asosiy yo‘nalish sifatida belgilandi.
Qayd etish lozimki, “Ayol sudyalar”ga urg‘u qaratish — bu xalqaro amaliyot va tadqiqotlar bilan asoslangan siyosatdir. Xalqaro tahlillarga ko‘ra, sud tizimida ayollar ulushi ortishi jamoat ishonchini kuchaytiradi, zo‘ravonlik va kamsitishdan jabr ko‘rgan fuqarolar uchun odil sudlovga yetishish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Shundan so‘ng, muloqot “Ayollar odil sudlov sohasida: hamkorlik orqali kasbiy rivojlanish” mavzusidagi xalqaro konferensiya— Markaziy Osiyo dialog maydonchasi orqali davom ettirildi. Unda odil sudlovni taʼminlash bo‘yicha teng imkoniyatlar yaratish, inson huquqlari va erkinliklarini samarali himoya qilishda gender nuqtai nazarni inobatga olish, mentorlik dasturlari va mintaqaviy hamkorlik masalalari muhokama etildi.
Konferensiya yakunida ishtirokchilar mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish, sud tizimida ayollarning o‘rni va nufuzini oshirish va inson huquqlari himoyasini taʼminlash bo‘yicha qo‘shma bayonot qabul qildilar.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati