Ushbu murojaatda 21-sonli ayollar koloniyasida tibbiy yordam yetishmasligi, madaniy faollikka qaramasdan salbiy xulosalar berilishi, shuningdek, mahkumaning manzil-koloniyaga o‘tkazilish muddatining kechiktirilayotgani kabi jiddiy daʼvolar ilgari surilgan. Shuningdek, xodim tomonidan aytilgan so‘zlar mahkumning ruhiy holatiga salbiy taʼsir qilgani taʼkidlangan.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Kotibiyati xodimlari tomonidan darhol ushbu muassasaga monitoring tashrifi amalga oshirildi. Monitoring doirasida mahkumalar uchun yaratilgan sharoitlar, tibbiy xizmat, oziq-ovqat taʼminoti, yotoqxonalar, uchrashuv xonalari va mehnat sharoiti o‘rganildi.
Mahkuma U.D.ning murojaatida keltirilgan holatlar yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalariga ko‘ra, uning davriy ravishda ambulator va statsionar tibbiy xizmatlardan foydalangani, jumladan 23-son mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxonaning ayollar bo‘limida 2024 yil oktyabr, 2025 yilning fevral va may oylarida statsionar tartibda davo muolajalarini olgan.
Shuningdek, unga 21-son JIEK Tibbiyot bo‘limida statsionar va ambulator tartibida 8 marotaba tibbiy xizmat ko‘rsatilgani aniqlandi.
Avval iqtisodchi bo‘lib ishlagan mahkuma U.D.ning qarzi 40 mlrd so‘mdan ziyod bo‘lib, shu vaqtgacha faqat 350 ming so‘mdan ortiq qismi undirilgan.
Uning manzil-koloniyaga o‘tkazish masalasi 2025 yil 24 iyun kuni ko‘rib chiqilgan. Lekin, so‘rov uning jazo muddatini o‘tashi davomida to‘g‘ri tuzalish yo‘liga o‘tmaganligi, yetkazilgan zararni qoplashga harakat qilmaganligi sababli, maʼmuriy komissiya tomonidan rad etilganligi maʼlum bo‘ldi.
Koloniya xodimining xatti-harakatlariga oid daʼvolar yuzasidan 2025 yil 26 may kuni xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan bo‘lib, murojaatda keltirilgan maʼlumot tasdiqlanmagan.
Monitoring davomida boshqa mahkumalar bilan bevosita suhbatlar o‘tkazilib. fikr-mulohazalari o‘rganildi.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, ijtimoiy tarmoqlarda bir yoqlama, to‘liq o‘rganilmagan maʼlumotlarni eʼlon qilish jamoatchilikda noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otishi mumkin. Shu sababli, bunday holatlar bo‘yicha jamoatchilikka murojaat qilishdan oldin, ular har tomonlama o‘rganilishi, huquqiy manzara aniqlanishi va masʼul organlarning rasmiy maʼlumotlari asosida xulosa chiqarilishi maqsadga muvofiq.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati