Tadbirda inson huquqlari sohasida faoliyat yurituvchi davlat tashkilotlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi.
Seminarning asosiy maqsadi – BMTning inson huquqlari bo‘yicha shartnomaviy organlari tizimida milliy institutlar va fuqarolik jamiyatining ishtirokini kuchaytirish, davlat hisobdorligini oshirish va inson huquqlari sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida muqobil hisobotlarni samarali tayyorlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlashdan iborat.
Ochilish marosimida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova va YEXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari koordinatori Antti Karttunen ishtirok etishdi.
Trening davomida BMTning Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha quyi qo‘mitasi aʼzosi va xalqaro ekspert Elina Steynerte (Buyuk Britaniya), shuningdek, inson huquqlari sohasidagi xalqaro mutaxassis Azamat Shambulov (Ispaniya) ishtirokchilarga interaktiv usulda nazariy va amaliy bilimlar berishdi.
“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, Ombudsmanga O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarining bajarilishi yuzasidan muqobil maʼruza tayyorlash va tegishli xalqaro tashkilotlarga taqdim etish huquqi berilgan. Ushbu maʼruzalar fuqarolik jamiyati institutlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi.
Trening dasturi doirasida BMTning CAT va CERD kabi shartnomaviy organlari bilan samarali hamkorlik qilish, mavjud xalqaro tavsiyalarni tahlil qilish va dalillarga asoslangan muqobil hisobot tayyorlash usullari bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Trening interaktiv usulda tashkil etildi, ishtirokchilar guruhlarga bo‘linib ishladilar, tahlil faoliyatini kuchaytirishga va amaliy takliflar tayyorlashga qaratilgan mashg‘ulotlarda faol qatnashdilar.
Seminar yakunida barcha ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati