Mazkur holat Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) nazoratiga olinib, ishga oid hujjatlar o‘rganilgan.
IIV tomonidan taqdim etilgan maʼlumotga ko‘ra, fuqaro N.Davranova 2024 yil 26 dekabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Ohangaron tuman sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (firibgarlik og‘ir oqibatlarga olib kelgan holatda) bo‘yicha aybdor deb topilgan va unga nisbatan 2 yil 1 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
Shu bilan birga, u boshqa jinoyat ishi doirasida ham ayblanuvchi sifatida tergov qilinmoqda. Shuningdek, fuqaro N.Davranovaga oid boshqa jinoyat ishlari ham tegishli sudlar tomonidan ko‘rib chiqilayotganligi sababli, u hozirda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jinoyat-ijroiya departamenti Markaziy tergov hibsxonasida saqlanayotgani maʼlum qilingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat-protsessual kodeksi talablariga muvofiq o‘rganish o‘tkazilishi va xodimlarning faoliyatiga huquqiy baho berilishi uchun N.Davranovaning murojaati O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yuborilgan.
Ombudsman faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri — fuqarolarning huquq va erkinliklari taʼminlanishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdan iborat.
Shu o‘rinda taʼkidlash lozimki, axborot maydonida tarqatilayotgan har qanday maʼlumot aniq manbaga asoslangan, xolis va to‘liq bo‘lishi shart. Axborotni qisman yoritish yoki uning muhim jihatlarini yashirishga urinishlar jamoatchilikni chalg‘itishi, noto‘g‘ri xulosalar va ijtimoiy tushunmovchiliklarga olib kelishi mumkin.Shuning uchun barcha axborot tarqatuvchilarga — voqea-hodisalarni yoritishda aniqlik va xolislik tamoyiliga rioya etish maqsadga muvofiq.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati