Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Navoiylik va sirdaryolik yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
Bugungi kunda yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish va ular o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini yana-da kuchaytirishni anʼanaviy usullar bilan cheklanib qolmasdan, zamonaviy vositalar yordamida ham amalga oshirish zarurati oshib bormoqda.

Shundan kelib chiqib, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Navoiy va Sirdaryo viloyatlaridagi mintaqaviy vakillari tomonidan universitet talabalari ishtirokida “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasidagi ochiq muloqotlar o‘tkazildi.

Huquqiy xabardorlikni oshirishga qaratilgan tadbirlar Navoiy davlat universiteti, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti hamda Guliston davlat pedagogika institutida tahsil oluvchi yoshlar uchun tashkil etilib, ularda 600 nafarga yaqin bitiruvchi talabalar qamrab olindi.

Yoshlarning huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan mazkur uchrashuvlarda ishtirok etgan masʼul idora vakillari talabalarni yoshlarga oid davlat siyosati, ular o‘rtasida tadbirkorlikni kuchaytirish, taʼlim kredit ajratish tartibi, aholini ijtimoiy himoya qilish, ishga joylashish hamda bitiruvchilar bandligini taʼminlash bo‘yicha yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar, shuningdek yoshlar o‘rtasida salbiy hodisalar va huquqbuzarliklarning profilaktikasiga oid qonunchilik haqida tanishtirishdi. Tadbirda ayniqsa, internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali amalga oshirilayotgan turli ko‘rinishdagi virtual firibgarlik qurboniga aylanmaslik yuzasidan berilgan maʼlumotlar yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Talabalarga kiberxavfsizlik, shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish, nomaʼlum manbalarga ishonmaslik va onlayn muomalada ehtiyotkor bo‘lish lozimligi haqida aniq misollar orqali maʼlumotlar berildi.

Shuningdek, bitiruvchilar Inson resurslari va kadrlar salohiyatini rivojlantirish bo‘limi (ARGOS) tomonidan tanlov asosida ishga kirish imkoniyatlari bo‘yicha xabardor qilindi.

O‘zaro savol-javob va bahs-munozaralarga boy bo‘lgan uchrashuvlarda talabalar inson huquqlarini himoya qilish borasidagi qonunchilik kafolatlari va Ombudsman faoliyati haqida muhim bilimlarga ega bo‘lishdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati