Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning 2025-yilning 1-choragida amalga oshirgan ishlari va faoliyat natijalariga bag‘ishlangan BRIFING
2025-yilning 1-choragida Ombudsmanga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan 6042 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 742 tasi harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslar, ularning yaqin qarindoshlari va himoyachi (advokat)laridan yuborilgan.

Murojaatlarning 12 tasi belgilangan tartibda anonim deb topilgan.  

Jami murojaatlarning 26,6% iqtisodiy huquqlarga, 23,4% ijtimoiy huquqlarga, 14,6% fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklariga, 9,1% siyosiy huquq va erkinliklarga, 3,5% bola huquqlari va erkinliklariga, 0,8% ekologik huquq va erkinliklarga, 12,2 % harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda ushlab turilgan shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga va 9,7% boshqa masalalarga oid.

Fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar tahlili hududlar kesimida ko‘rib chiqilganda, eng ko‘p murojaatlar Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari hamda Toshkent shahridan kelib tushgan bo‘lsa, eng kam murojaatlar Sirdaryo viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan kelib tushgan.

Hisobot davrida Ombudsman tomonidan fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan davlat tashkilotlari yoki mansabdor shaxslarga 43 ta ta’sir choralari shaklidagi hujjatlar kiritildi.

Ombudsman tomonidan fuqarolarning murojaatlari asosida undirishga hamda undirish belgilanishiga ko‘maklashilgan jami mablag‘lar 1 mlrd 407,2 mln. so‘mni tashkil etdi. Shundan, 969,2 mln so‘mi fuqarolarning ish haqi va mehnat munosabatlariga oid.

Fuqarolarning qarzdorligi, sog‘lig‘iga yetkazilgan zararlar, moddiy va ma’naviy zararlar hamda boshqa majburiy to‘lovlar oqibatida yuzaga kelgan huquqiy munosabatlar bilan bog‘liq murojaatlar o‘rganilishi natijasida jami 205 mln. 800 ming so‘mdan ortiq mablag‘lar fuqarolar foydasiga undirilishiga ko‘maklashildi.

Shuningdek, 8 nafar fuqaroning ishga tiklash va ishga joylashtirish bo‘yicha murojaatlari ijobiy hal qilindi. 2 ta holatda ish beruvchini xodimga nisbatan noqonuniy xatti-harakatlari bartaraf etildi. Davlat mehnat inspeksiyasi inspektorlari tomonidan Ombudsmanning fuqarolar manfaatlarida yo‘llagan murojaatlari bo‘yicha so‘roviga asosan sudlarga 2 ta da’vo arizalar kiritildi. 3 nafar fuqaroga kadastr hujjatlari rasmiylashtirilishida yordam berildi.

Ombudsman so‘roviga asosan, xotin-qizlarning voyaga yetmagan farzandlari ta’minoti uchun 145 mln. so‘mdan ortiq aliment to‘lovlari undirilishi ta’minlandi.

Murojaatchilarga mutasaddi tashkilotlar tomonidan – 32 mln 360 ming so‘mga yaqin moddiy yordam, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun subsidiya va boshqa turdagi moliyaviy yordam ajratilishiga ko‘maklashildi.

Fuqarolarning 6,8 mln so‘mdan ortiq noreal qarzdorliklari bartaraf etilishi ta’minlandi. 5 nafar fuqaroning ijtimoiy turar joy ajratilishi, boquvchisini yo‘qotganlik uchun nafaqa tayinlanishi hamda uy-joyidagi gaz ta’minotini tiklash bo‘yicha murojaatlari ijobiy hal etilishiga ko‘maklashildi.

5 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarning nogironlikni belgilash va ijtimoiy yordam olish bo‘yicha murojaatlari ijobiy hal qilindi. 3 nafar fuqaro “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilishiga ko‘maklashildi. 1 nafar jabrlanuvchi himoya orderi bilan ta’minlandi va 1 nafar fuqaroga tayinlangan 2,5 mln. so‘mlik jarima bekor qilindi.

Sog‘liqni saqlash yo‘nalishida – 8 nafar fuqaroga tibbiy ko‘rikdan o‘tish va davolanish uchun yo‘llanma berilishi, fuqarolarning davolanishlari uchun 54,9 mln so‘m miqdorida moddiy yordam ajratilishida ko‘maklashildi.

Shu bilan birga, jamoaviy murojaatlar ishchi guruh tuzilgan holda o‘rganilishi natijasida Oltinsoy tumani Haqobod MFYda elektr transformatorlar almashtirib berilishiga hamda Dehqonobod tumani Paxtachi MFY hududidan avtoyo‘l(magistral)da piyodalar uchun yo‘lak qurilishiga erishildi.

Ombudsman taqdimnomasiga ko‘ra, mehnat qonunchiligini buzganligi sababli 3 nafar mas’ulga “hayfsan” intizomiy jazosi berilgan. 1 nafar ma’sulga Jinoyat kodeksining 116 va 117-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Ombudsman so‘roviga muvofiq, 7 nafar fuqaro ma’muriy javobgarlikka tortilgan. 1 nafar fuqaroga Jinoyat kodeksi 266-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Ekologik huquq bo‘yicha kelib tushgan murojaatlarni o‘rganish davomida Farg‘ona shahrida Farobiy ko‘chasida ko‘p qavatli turar joy qurilishi, Rishton tumanidagi xususiy qurilish ishlari shaharsozlik norma va qoidalariga zid bo‘lganligi uchun to‘xtatildi.

Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslar, ularning yaqin qarindoshlari va himoyachi (advokat)laridan Ombudsmanga 2025 yilning 1-choragida 742 ta murojaat kelib tushdi.

Murojaatlarning 6 tasi yuzasidan Jinoyat-prosessual kodeksining 83-moddasi 2-qismiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qabul qilingan qarorlar, Ombudsmanning xatiga asosan yuqori turuvchi prokurorlar tomonidan bekor qilinib, qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilishi belgilandi.

Shuningdek, 5 ta shikoyat yuzasidan tegishli prokuratura idoralari tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazish bo‘yicha taqdimnoma kiritildi.

Ombudsman tomonidan mahkumlarga tayinlangan jazoni yengillashtirish masalasida tegishli sudlarga yuborgan xatlar asosida 25 nafar mahkumga jazo muddatining o‘talmay qolgan qismini yengilrog‘iga almashtirilishida amaliy yordam ko‘rsatildi.

Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslarning oila a’zolariga 22 565 100 so‘m moddiy yordam pullari ajratilishiga ko‘maklashildi.

Shuningdek, hisobot davrida Ombudsman va uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 202 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirildi.

Monitoring tashriflarida 2 mingdan ortiq mahkumlar (mahbuslar) bilan jamoaviy hamda 1123 nafar mahkum (mahbus) bilan holi tarzda suhbatlar o‘tkazildi.

Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga amalga oshirilgan monitoring tashriflari davomida bu joylarda saqlanayotgan shaxslarning saqlash sharoitlari, yashash va ovqatlanishlari, mehnat qilish hamda tibbiy yordam ko‘rsatish holatlari va sifati, saqlanayotgan shaxslar orasida olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar hamda sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilayotganligi va boshqa shu kabi holatlar o‘rganildi.

Ombudsman tavsiyasiga ko‘ra, Surxondaryo viloyatidagi 9-sonli tergov hibsxonasiga 4,5 mlrd so‘m ajaratilib, kapital ta’mirlandi va kerakli jixozlar hamda zamonaviy texnikalar bilan ta’minlandi.

Ombudsman tomonidan kiritilgan ta’sir chorasidan so‘ng Buxorodagi “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan ayollar internat uyini ta’mirlash uchun 176 mln so‘m ajratildi.

Ombudsman taqdimnomasidan so‘ng, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Sog‘liqni saqlash vazirligining tuman va shaharlar tibbiyot birlashmalari tarkibida tashkil etilgan qator mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish tumanlararo punktlaridagi sharoitlar yaxshilandi. Jumladan, Nukus shahridagi hushyorxona yangi manzilga ko‘chirilgan. Shuningdek, Xo‘jayli, Nukus va Qorao‘zak tumanlaridagi hushyorxonalar ta’mirlanib, sanitariya va xavfsizlik talablariga mos ravishda qayta jihozlangan.

Shuningdek, Sirdaryo viloyatidagi 40-son manzil-koloniyasida saqlanayotgan mahkumlarning ishlab chiqarish ob’yektlaridagi ovqatlanish va yuvinish xonalaridagi sharoitlar yaxshilandi.

Monitoring jarayonida aniqlangan salbiy holatlar yuzasidan 2025-yilning 1-choragida Ombudsman tomonidan mutasaddi vazirlik va idoralarga 3 ta talabnoma va 5 ta taqdimnoma qiritildi.

Qolaversa, Ombudsmanning mintaqaviy vakillari tashabbusi bilan mahkum va mahbuslar murojaatlari asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Surxondaryo, Namangan, Andijon va Toshkent viloyatlarida hududlardagi sog‘liqni saqlash boshqarmalari bilan hamkorlikda tor doiradagi oliy toifali shifokorlar jalb qilinib, 2 ming nafarga yaqin mahkum va mahbuslar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.  

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati