Tashrif doirasida klub a’zolariga Ombudsman institutining inson huquqlarini himoya qilishdagi o‘rni, fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish jarayoni, jamoatchilik va xalqaro hamkorlik mexanizmlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, talabalar Ombudsmanning qonunchilik tashabbusi huquqi orqali murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarga qonunchilik yo‘li bilan yechim taklif etish imkoniyatlari haqida ma’lumot olishdi. Ombudsmanning parlament muhokamalarida ishtirok etishi va qonun loyihalari bo‘yicha huquqiy xulosalar berish vakolatlari ham muhokama qilindi.
Klub faoliyati doirasida talabalarga nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlash imkoniyati yaratilgan. Ular Kotibiyatning tegishli bo‘lim va sektorlariga biriktirilib, huquqiy tahlil, murojaatlar bilan ishlash va monitoring faoliyatiga bevosita shogird sifatida jalb etilishi mumkin.
Uchrashuv yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi va inson huquqlari sohasidagi amaliyot bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lishdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati