Dastlab, Nurota tumani "Amir Temur" mahallasida Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Unda 100ga yaqin aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Markazdan uzoqda joylashgan ushbu hududga viloyatning malakali tor doiradagi shifokorlari va mutaxassislari jalb etildi.
Shundan so‘ng, Nurota tumani Musiqa maktabi binosida Viloyat bandlik boshqarmasi tomonidan bo‘sh ish o‘rinlar yarmarkasi tashkil yetilib, fuqarolar doimiy ishga joylashish va kasb-hunar o‘rganish uchun yo‘naltirildi.
Yarmarkada tumandagi 136 ta korxona va tashkilotlar 214 ta bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi. 12 ta tadbirkorlik sub’yektlari o‘zi ishlab chiqargan maxsulotlari va loyihalari bilan qatnashdi. Tashkil etilgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasiga 158 nafar ish izlovchi fuqarolar jalb etildi va jami 9 nafar ishsiz fuqarolar ish bilan taminlandi. Yarmarka ishtirokchilaridan 13 nafariga o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshlash maqsadida tijorat banklaridan imtiyozli kredit olish bo‘yicha tushunchalar berildi.
Qayd etish lozimki, ushbu hududdan fuqarolar bilan ochiq muloqot uchun Ombudsmanga yuborilgan murojaatlar tahlil qilingan holda viloyat aholisi uchun dolzarb bo‘lgan masalalar tanlab olindi va tegishli tashkilot vakillari jalb etildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga 2024 yilda Navoiy viloyatidan jami 455 ta, 2025 yilning 3 oyida esa 118 ta murojaat kelib tushgan. Ularda mehnat huquqlarini ta’minlash, bandlik, aholiga sifatli ijtimoiy va tibbiy xizmat ko‘rsatish borasidagi imkoniyat va imtiyozlardan foydalanish, kredit rasmiylashtirish, uy-joy, aliment hamda ta’lim olish masalalari ko‘tarilgan.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) hamda Nurota tumani hokimiyati bilan hamkorlikda o‘tkazilgan fuqarolar bilan ochiq muloqotda Oliy Majlis Senati a’zosi, tuman va viloyat kengashi deputatlari, davlat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etishdi. Tadbirda Nurota tumanidagi "Eshon sudur", "Ibn Sino", "Nurobod", "Nurfaxr", "Mirishkor" va "Gʻofur Gʻulom" mahallalarida yashovchi jami 200 nafarga yaqin aholi qamrab olindi.
“Ombudsman maktabi” tadbiri doirasida Ombudsman Feruza Eshmatovaning sayyor qabuli ham o‘tkazildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati