Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
O‘zbekiston va Rossiya Ombudsmanlari hamkorligi mustahkamlanmoqda
2025 yil 17 aprel kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova Rossiya Federatsiyasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili Tatyana Moskalkova bilan uchrashdi.

Suhbat chog‘ida ikki mamlakat fuqarolarining murojaatlarini o‘zaro hamkorlikda ko‘rib chiqish tajribasi, shu orqali erishilayotgan natijalar va bu yo‘nalishdagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Qayd etish lozimki, 2025 yilning 1 choragida O‘zbekiston Ombudsmaniga xorijiy davlatlar Ombudsmanlari va chet elda yashayotgan fuqarolardan 36 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 11 tasi Rossiya Federatsiyasi hududlariga to‘g‘ri keladi. Rossiya Ombudsmaniga esa o‘sha yerda yashayotgan fuqarolarimiz manfaatida 6 ta murojaat yuborilgan. Ushbu murojaatlarning aksariyati ijobiy hal etilgan. Inson huquqlarini taʼminlashda Ombudsmanlarning o‘zaro hamkorligi ko‘plab, musofirchilikda yurgan insonlar muammolarini hal etilishiga xizmat qilmoqda.

Uchrashuvda vaqtincha RFda yashab, mehnat qilayotgan, taʼlim olayotgan yurtdoshlarimizni, shuningdek xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markazlarida saqlanayotgan hamyurtlarimiz huquqlarining himoyasi masalalari ham ko‘rib chiqildi. Feruza Eshmatova bunday holatlarning oldini olishda o‘zaro axborot almashinuvi va monitoring faoliyatini kuchaytirish muhimligini taʼkidladi.

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Rossiya Ombudsmanlari o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida muhokama qilingan masalalar bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar rejasini qabul qilishga kelishib olindi.

Maʼlumot uchun, Rossiya Federatsiyasi Inson huquqlari bo‘yicha vakil instituti 25 yildan ortiq vaqtdan davomida faoliyat yuritib kelmoqda. U mustaqil konstitutsiyaviy institut hisoblanadi, mamlakatning barcha subyektlarida esa hududiy ombudsmanlar faoliyat olib boradi. Institut markaziy apparati 250 nafardan ortiq mutaxassislarni o‘z ichiga oladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati