Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman monitoringi: 23-son mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxonada yaratilgan sharoitlar o‘rganildi
Bugun, 2025-yilning 14-aprel kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) 23-son mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxonaga monitoring tashrifini amalga oshirdi. Ushbu kasalxonada o‘tgan yilning iyul oyida Ombudsman tavsiyasiga ko‘ra, 50 o‘rinli ayollar bo‘linmasining ochilgan edi. Tashrif davomida ushbu bo‘linmaga zamonaviy med texnikalar olib kelingani va mahkumalarga barcha tibbiy sharoitlar yaratilganiga guvoh bo‘lindi.

Aniqlanishicha, shu kunga qadar kasalxonada jami 433 nafar ayol daʼvolangan. Shundan 261 nafari 2024-yilga, 172 nafari joriy yilning birinchi choragiga to‘g‘ri keladi. Jami 433 nafar ayoldan 5 nafari sog‘ligi og‘ir bo‘lgani sababli O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 75-moddasi asosida muddatidan oldin ozod qilindi.

Qayd etish lozimki, mazkur kasalxona terapiya, nevrologiya, jarrohlik, stomatologiya, diagnostika, sil kasalliklari kabi 21 ta bo‘limga va 2 ta laboratoriyaga ega, shuningdek u yerda murakkab jarrohlik amaliyotlari ham o‘tkaziladi.

Shuningdek, Jinoyat ijroiya  kodeksining 87-moddasiga 2019-yilda kiritilgan o‘zgartirish asosida, sog‘lig‘i og‘ir holatda bo‘lgan mahkumlarga oldingi uchrashuvlardan qatʼi nazar, qo‘shimcha qisqa va uzoq muddatli uchrashuvlar berish imkoniyati yaratilgan. 2022-yildan bu amaliyot samarali qo‘llanila boshlandi. Bunday holat 2025-yil boshidan beri 30 marta qayd etilgan.

Qayd etish lozimki, kasalxonada tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yana-da oshirish maqsadida yaqinda 2 ta rengen apparatlari olib kelingan. Bittasi portativ rentgen apparati bo‘lib, uning asosiy xususiyati uni boshqa obyektlarga olib borish imkoniyati bor. Bu esa boshqa jazoni ijro etish koloniyagalariga olib borib, rengen apparatidan o‘tkazish imkoniyatini beradi. Kuniga 300 nafar mahkumni rengen qilib, aniq xulosa chiqarib berish imkoniga ega.

Keyingi rengen apparati esa hamma aʼzolarni rengen tekshiruvidan o‘tkazish imkoniyatiga ega. Har ikkala apparat ham kasalga minimal dozada rengen nuri berilgani sababli zarari juda kam.

Tashrif davomida kasalxonada davolanayotgan erkak va ayol bemorlarga yaratilgan sharoitlar, jumladan, ularning yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati, dori-darmon va zarur texnik vositalarning taʼminoti kabi holatlar o‘rganildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati