Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Tovoqsoyda mahkum vafoti: Ombudsman holatni nazoratga oldi
Joriy yilning 16 fevral kuni Tovoqsoydagi 7-son JIEKda jazo muddatini o‘tayotgan mahkum M.T.ning vafot etgani holati ham Ombudsman nazoratiga olindi.

To‘plangan maʼlumotlarga ko‘ra, 11 fevral kuni taxminan soat 16:10 da mahkum M.T. koloniya hududidagi eski oshxona binosida obodonlashtirish ishlariga jalb etilgan. Devorni buzish jarayonida ehtiyotsizlik sababli uning bir qismi mahkum ustiga qulagan, natijada og‘ir tan jarohati olgan.

Koloniya shifokorlari mahkumga zudlik bilan birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatib, uni Bo‘stonliq tuman tibbiyot birlashmasining “Qo‘shma jarohatlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari” markaziga olib borishgan. Mahkumga ko‘p sonli travma, bosh miya yopiq jarohati, ko‘krak qafasi yopiq jarohati, travmatik shok III-bosqich, gemorragik shok III-bosqich, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan.

Shifoxonada mahkumga jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Shifoxonada ko‘rsatilgan muolajalarga qaramasdan mahkum 16 fevral kuni soat 17:00 da vafot etgan.

Ushbu holat Ombudsman Devoni xodimlari va Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan joyiga chiqib o‘rganildi.

Shuningdek, Ombudsmanning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mintaqaviy vakili marhumning oila aʼzolari bilan uchrashib, ularga taʼziya bildirdi. Marhumning otasi Bo‘stonliq tuman tibbiyot birlashmasida 5 kun davomida o‘g‘lining yonida bo‘lgan.

Bosh prokuratura maʼlumotiga ko‘ra, mazkur holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda Toshkent maxsus prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Xodimlar xatti-harakatiga baho berish bo‘yicha xizmat tekshiruvi ham tayinlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga murojaat yuborildi.

Ombudsman mazkur holatni har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘rganish taʼminlanishini so‘raydi.

 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati