Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Olmaliqdagi koloniyada vafot etgan mahkum holati Ombudsman nazoratiga olindi
Ijtimoiy tarmoqlarda “Olmaliqdagi koloniyadan mahkumning o‘ligi chiqdi” sarlavhasi ostida xabarlar tarqaldi. Unda marhumning onasi joriy yilning 26-28 yanvar kunlari o‘g‘li bilan uzoq muddatli uchrashuvda bo‘lgani va u sog‘lig‘i bo‘yicha hech qanday shikoyat qilmaganini maʼlum qilgan.

Mazkur holat Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tomonidan nazoratga olinib, holatga doir maʼlumotlar o‘rganilmoqda.

14-son jazoni ijro etish koloniyasi navbatchilik qismi tomonidan berilgan maʼlumotlarga ko‘ra, joriy yilning 14 fevral kuni soat 22:45 da jazo muddatini o‘tayotgan mahkum sog‘lig‘ida o‘zgarish sezgani sababli koloniya shifokorlariga murojaat qilgan. Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilganidan so‘ng ham uning holati yaxshilanmagani sababli, u Olmaliq shahar markaziy shifoxonasiga yotqizilgan.

Biroq, ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, mahkum 15-fevral kuni soat 01:00 da shifoxonada gipertoniya va birlamchi yurak yetishmovchiligi oqibatida vafot etganligi aytilmoqda.

Maʼlumotlarga ko‘ra, marhumga sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

Hozirda mazkur holat Ombudsman xodimlari va Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan joyiga chiqib o‘rganilmoqda. Shuningdek, Ombudsmanning Farg‘ona viloyatidagi mintaqaviy vakili marhumning oila aʼzolari bilan uchrashib, taʼziya bildirgan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga Ombudsman tomonidan murojaat yuborildi.

Ombudsman tergovga qadar tekshiruv davomida mazkur holatni har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘rganish taʼminlanishini so‘raydi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati