Monitoringlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi maxsus qabulxonasi, Nukus va Urganch shahridagi Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlari, Namangan viloyati Uychi tumanidagi 6-son tergov hibsxonasi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Buxoro viloyat filiali, Toshkent shahridagi “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun erkaklar internat uyida yaratilgan sharoitlar o‘rganildi.
Mazkur monitoring tashriflarida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarning yashash, ovqatlanish, dori-darmon vositalari va oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash, tibbiy xizmatdan foydalanish, sayr qilish, mehnat qilish sharoitlari, kutubxona, uchrashuv xonalari, sport zal, to‘garaklar xonasi hamda hududlardagi issiq suv va issiqlik taʼminoti holati o‘rganildi.
Tashriflar davomida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar bilan jamoaviy va yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi. “Ombudsman quti”siga tashlangan murojaatlar ham qabul qilinib, ariza mualliflari bilan sayyor qabul tashkil etildi.
Monitoring tashriflari yakunlariga ko‘ra, aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsman taʼsir choralari kiritilishi taʼminlanadi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati