Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsmanning 2024-yildagi faoliyati ko‘rib chiqildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi tomonidan Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman)ning 2024-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi ma’ruzasi dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda Ombudsman tomonidan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, insonning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan bir qator ishlar amalga oshirilgani qayd etildi. “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonun bilan Ombudsmanning inson huquq va erkinliklariga rioya etilishini ta’minlash borasidagi vakolatlari kengaygani, shu jumladan, 14-moddaga muvofiq, ilk bor Oliy Majlis palatalariga ma’ruza taqdim etilayotgani aytib o‘tildi.

Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) 2024-yilda yangi konstitutsiyaviy qoidalar asosida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan ta’sirchan parlament nazoratini amalga oshirish, sohaga oid milliy qonunchilikni hamda milliy preventiv mexanizmni takomillashtirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish kabi ustuvor vazifalar to‘g‘risida tayyorlangan ma’ruzasini taqdim etdi.

Ma’ruzada qayd etilishicha, 2024-yilda Ombudsman nomiga O‘zbekiston Respublikasi, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar soni 23 422 tani tashkil etgan.

O‘tgan yilda Ombudsman tomonidan murojaatlarni o‘rganish natijasida inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi qonunbuzilish holatlari, ularga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan davlat organlari va idoralariga hamda mansabdor shaxslarga 182 ta (2022 yilda 134 ta, 2023-yilda 170 ta) taqdimnoma, talabnoma, ariza va da’vo arizalari hamda xulosa shaklidagi ta’sir choralari kiritilgan.

Hisobot davrida Ombudsman tomonidan qo‘llanilgan ta’sir choralari 2023-yilga nisbatan 7 foizga, 2022-yilga nisbatan 35,0 foizga oshgan. Ta’sir choralarining 140 tasi yoki 76,9 foizi ijobiy hal etilgan. Xususan, 2024-yilda Ombudsman tomonidan tashkilotlar yoki mansabdor shaxslarga 39 ta (2023-yilga nisbatan 11 foizga ko‘p) taqdimnoma kiritilgan bo‘lib, ularning 30 tasi ijobiy hal etilgan.

Ombudsman tomonidan mehnatga oid huquqlar bilan bog‘liq murojaatlar o‘rganilishi natijasida fuqarolarning ish haqi va mehnat munosabatlari bilan bog‘liq to‘lovlari bo‘yicha undirilgan mablag‘lar 1 mlrd. 832,9 mln. so‘mni tashkil qilgan. 20 nafar fuqaro ishga tiklangan, 7 ta holatda ish beruvchining xodimga nisbatan noqonuniy harakatlari bartaraf etilgan.

Hisobot davrida Ombudsman davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar bilan o‘zaro uzviy aloqada bo‘lishi natijasida inson qadrini ulug‘lash, har bir shaxsning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash yo‘lidagi vazifalarning ijro etilishiga ham alohida e’tibor qaratgan.

Deputatlar Ombudsmanning o‘tgan yildagi faoliyati yakunlari bo‘yicha taqdim etgan ma’ruzasini ijobiy baholab, uning faoliyatini yanada takomillashtirish, fuqarolarning yangi tahrirdagi Konstitutsiya va boshqa qonunlarda kafolatlangan huquqlari, erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha qator taklif va tavsiyalar berdilar.

Yig‘ilishda deputatlar tomonidan berilgan savollarga tegishli javoblar olinib, Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman)ning 2024-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi ma’ruzasi bir ovozdan ma’qullandi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati