Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Va’daga ishongan fuqaro Ombudsmanga murojaat qildi: murojaatlar joyiga chiqib o‘rganilmoqda  
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ga Toshkent shahrida yashovchi fuqaro salkam 7 yildan buyon boshpanasiz qolgani bo‘yicha qurilish korxonasi ustidan shikoyat qildi.

Unga ko‘ra, 2018-yilda murojaatchi yashaydigan ko‘p qavatli uy “snos”ga tushgan va qurilish firmasi tomonidan fuqaroga 1 yil mobaynida 2 xonali uy ajratilishi bo‘yicha kafolat xati ham taqdim etilgan. Lekin shartnomada ko‘rsatilgan ko‘p qavatli uy qurib bitkazilgan bo‘lsada, murojaatchiga tadbirkor tomonidan va’da qilingan uy shu kunga qadar ajratilmagan. 2022-yilda fuqaroga ajratilgan xonadon boshqa shaxsga sotib yuborilgan. Natijada fuqaro oilasi bilan boshpanasiz qolgan.  Uning tegishli davlat tashkilotlariga qayta-qayta qilgan murojaati ham hech qanday natija bermagan.

Mazkur murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, holat uning Toshkent shahridagi mintaqaviy vakili tomonidan o‘rganilmoqda. Mazkur holat bo‘yicha tegishli hujjatlar to‘planib, zarur ta’sir choralari tayyorlanmoqda.

Shuningdek, Ombudsmanning Qashqadaryo va Namangan viloyatlaridagi mintaqaviy vakillari ham shaxsiy va iqtisodiy huquqlarining buzilishi bo‘yicha yo‘llangan murojaatlarni joyiga chiqib o‘rganishdi.

Ta’kidlash lozimki, murojaatlarda ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha yetarli ma’lumotlar keltirilmagan va aniqlashtirilishi lozim bo‘lgan holatlar mavjud bo‘lganida joyiga chiqib o‘rganishlar tashkil etiladi.

Mazkur shikoyatlarning ayrimlari masala o‘rganilayotgan joyning o‘zida hal etilgan bo‘lsa, qolgan murojaatlar bo‘yicha zarur hujjatlar to‘planmoqda va o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda. O‘rganish natijalari bo‘yicha tegishli ta’sir hujjati tayyorlanadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risidagi Qonunning 10-moddasiga ko‘ra, Vakil O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining hamda O‘zbekiston Respublikasi hududidagi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning o‘z huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini buzayotgan tashkilotlar yoki mansabdor shaxslarning harakatlari yoxud harakatsizligi ustidan bergan shikoyatlarini ko‘rib chiqadi va u o‘z tekshiruvini o‘tkazish huquqiga ega.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati