Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman soati: O‘quvchilarga inson huquqlariga oid zarur ko‘nikmalar berildi
Inson huquqlarini himoya qilishga qaratilgan tashabbuslar doirasida Ombudsmanning mintaqaviy vakillari tomonidan mamlakatimizdagi qator maktablarda “Ombudsman soati” tadbirlari tashkil etildi.

Tadbirlar Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanidagi 1-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi, Buxoro viloyati Romitan tumanidagi 1-sonli ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi hamda 3-sonli maktab, Farg‘ona viloyati Quvasoy shahridagi 1-sonli Ixtisoslashtirilgan Davlat umumta’lim maktabi va 10-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi, Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi Prezident maktabi hamda Xorazm viloyatidagi 18, 5 va 25-sonli maktablardagi yuqori sinf o‘quvchilari ishtirokida o‘tkazildi.

Darslar davomida o‘quvchilar 8-dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan asosiy qomusimizning inson huquqlariga oid moddalari bilan yaqindan tanishdilar. Ularga Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati va unda belgilangan asosiy huquqiy kafolatlar haqida tushunchalar berildi.

Darslar interaktiv uslubda tashkil etilib, o‘quvchilarga hayotiy vaziyatlar orqali o‘z huquq va burchlarini anglashlari uchun ko‘maklashuvchi videoroliklar namoyish qilindi. Bunday yondashuv o‘quvchilarda inson huquqlari bo‘yicha bilimlarni yanada mustahkamlashga yordam berdi. Shuningdek, tadbirlarda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyati haqida ma’lumot berildi.

“Ombudsman soati” tadbirlari yoshlar huquqiy madaniyatini oshirish va ularni o‘z huquqlari hamda burchlariga nisbatan mas’uliyatli bo‘lishga chorlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati