Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
"O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida"gi Qonun imzolandi
“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonun 2024-yilning 15-noyabr kuni Prezident tomonidan imzolandi.

Mazkur Qonun 8 ta bob, 57 ta moddadan iborat bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining yangilangan Konstitutsiyasiga muvofiqlashtirilgan.

Ushbu qonunning maqsadi ombudsman institutining institusional asoslarini takomillashtirish, fuqarolar huquq va erkinliklariga rioya etilishini ta’minlash borasidagi Ombudsmanning vakolatlarini hamda uning hududlardagi ishtirokini kengaytirish, shuningdek qiynoqqa solish hamda boshqa g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalaning oldini olishdagi faoliyatini kuchaytirishdan iborat.

Qayd etish lozimki, mazkur hujjat Ombudsman institutining inson huquqlari bo‘yicha milliy institut sifatidagi ahamiyatini yanada oshirib, inson huquqlari sohasidagi islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan qonun hujjatlarini to‘ldiradi hamda Ombudsman faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlaydi.

Qonunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) mansabdor shaxs bo‘lib, u davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan inson huquqlari va erkinliklari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshiradi.

Ombudsman fuqarolarning, respublika hududida turgan chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning, yuridik shaxslarning inson huquqlari va erkinliklarini buzayotgan tashkilotlarning yoki mansabdor shaxslarning harakatlari yoxud harakatsizligi ustidan bergan shikoyatlarini ko‘rib chiqadi hamda o‘z tekshiruvini o‘tkazish huquqiga ega.

Shuningdek, Ombudsman fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklashda tegishli davlat organlari va tashkilotlariga ogohlantirish, taqdimnoma, iltimosnoma va talabnoma ta’sir choralarini kiritishi mumkin.

Qonunga muvofiq, Ombudsman har yili, hisobot yilidan keyingi yilning 15-fevralidan kechiktirmay O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga o‘z faoliyati to‘g‘risida ma’ruza taqdim etishi belgilandi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va Vazirlar Mahkamasiga inson huquqlari, erkinliklarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning ayrim yo‘nalishlari bo‘yicha huquqiy, tashkiliy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlar ko‘rishga qaratilgan maxsus ma’ruzalar taqdim qilish huquqi ham berildi.

Qonundagi yana bir muhim jihatlardan biri Ombudsmanga qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish huquqi mustahkamlanganligidir. Bu Ombudsmanning monitoring va tahlil faoliyati kuchaytirilishiga hamda fuqarolar murojaatlarida ko‘tarilgan muammolarga qonunchilik orqali yechim taklif etish va huquqiy bo‘shliqlarni to‘ldirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, Qonunda Ombudsman huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlarining huquqiy faoliyati hamda Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillarning doimiy asosda ishlashi, monitoring tashriflaridagi ishtiroki, mahkum va mahbuslarning “Ombudsman qutisi” orqali murojaat qilishining huquqiy mexanizmi ham mustahkamgan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati