Ombudsmanning mintaqaviy vakillari tomonidan maktab o‘quvchilari uchun tashkil etilgan mazkur darslarda interaktiv metodlardan foydalanildi. O‘quvchilarga hayotiy vaziyatlar misolida o‘z huquqlaridan to‘g‘ri foydalanishlari bilan birga burchlarini ham unutmasliklari bo‘yicha videoroliklar namoyish etildi. Bu esa yoshlarga mavzu yana-da tushunarliroq bo‘lishiga xizmat qildi. Shuningdek, ushbu tadbirlar davomida inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyati haqida ham to‘xtalib o‘tildi.
Bundan tashqari, “Ombudsman soati” loyihasi doirasidagi darslar Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi Akademik litsey o‘quvchilari uchun ham tashkil etilib, tadbir davomida faol qatnashgan ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zaro savol-javoblarga boy tarzda o‘tgan darslarda o‘quvchilar inson huquqlariga oid ko‘plab bilimlarni o‘zlashtirishdi.
“Ombudsman soat”lari o‘quvchilarning inson huquq va erkinliklari bo‘yicha bilimlarini mustahkamlash maqsadida respublika bo‘ylab Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda. Bu loyiha yosh avlodning huquqiy madaniyati va savodxonligini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati