500 nafardan ortiq bemorlar davolanayotgan mazkur dispanserda yashovchilarning yotoq joylari, oshxona, davolash bo‘limlari hamda hududdagi boshqa shart-sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Bundan tashqari, dispanserda yashovchilarning dam olishlari, sayr qilishlari va bo‘sh vaqtlarida o‘zlari yoqtirgan qo‘l mehnati bilan shug‘ullanishlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishildi.
Monitoringda mazkur muassasadagi barcha bemorlar elektron reyestrga kiritilib, ro‘yxati shakllantirilgani, shifokorlar davolanayotgan shaxslarning ruhiy holatini nazorat qilayotgani, davolanishga ko‘rsatmasi mavjud bemorlar sog‘lomlashtirishga jalb etilayotgani maʼlum bo‘ldi.
Monitoring tashrifi davomida dispanserda yashovchi baʼzi bemorlarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari yo‘qligi, ularga nogironlik nafaqasini tayinlashda amaliy yordam ko‘rsatish zarurligi, shaxsi nomaʼlum, boquvchisi va qarovchisi yo‘q bemorlarga vasiylik tayinlash bo‘yicha ehtiyojlar borligi aniqlandi.
O‘tkazilgan monitoring yakunlariga ko‘ra, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha Ombudsman mintaqaviy vakili tomonidan tegishli tavsiyalar berildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati