“Ombudsman maktabi” loyihasini amalga oshirishdan maqsad –aholini mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi tub o‘zgarishlar to‘g‘risidagi xabardorligini oshirishdan iborat.
Joriy yilning 2 may kuni “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasidagi navbatdagi tadbir Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanidagi “Yangihayot” MFYdagi 1-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabi binosida o‘tkazildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga 2023 yilda Jizzax viloyatidan 805 ta murojaat yo‘llangan. Aynan Sharof Rashidov tumanidan kelib tushgan murojaatlarda mehnat huquqlarini taʼminlash, aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish borasidagi imkoniyat hamda imtiyozlar, pensiya va bolalar nafaqasini tayinlash masalalari ko‘tarilgan. Shu nuqtai nazardan tumandagi “Yangiobod”, “Qo‘shbarmoq”, “Toqchilik”, “Ziyokor”, “Xayrobod”, “Samarqand quduq” mahallalarida yashovchi 200 nafarga yaqin fuqaro qamrab olingan tadbir ushbu masalalarga bag‘ishlandi.
Fuqarolar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari hamda tegishli davlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari va OAV ishtirok etishdi.
O‘zaro savol-javoblarga boy tarzda o‘tgan tadbirda aholi tomonidan ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha ham huquqiy tushunchalar berildi.
“Ombudsman maktabi” tadbiri doirasida Ombudsman Feruza Eshmatovaning sayyor qabuli ham o‘tkazildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati