Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘z faoliyatida aholining huquqiy xabardorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Chunki, Ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlar tahlili so‘nggi yillarda aholining ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, yashash sharoitlarini yaxshilash borasidagi islohotlardan xabardor etish zarurligini ko‘rsatmoqda. Shuning uchun 2022 yildan eʼtiboran respublikaning chekka hududlarida mahallalar kesimida aholining huquqiy savodxonligini hamda davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlardan xabardorligini oshirishga qaratilgan "Ombudsman maktabi" loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasidagi navbatdagi tadbir Samarqand viloyati, Urgut tumani, Tojikiston bilan chegaradosh va markazdan uzoqda joylashgan “Mirzabag‘lon” hamda “Chen” MFY aholisi uchun o‘tkazildi.
Shu kuni Ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan fuqarolar qabuli tashkil etilib, 41 nafar fuqaroning murojaatlari nazoratga olindi.
Ombudsman maktabi doirasida Samarqand viloyati Soliq idorasi tomonidan kontrakt asosida o‘qiydigan 37 nafar talabaga 12% lik daromad solig‘ini qaytarib olish bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirildi hamda Adliya boshqarmasining davlat xizmatlari vakillari tomonidan 38 nafar fuqarolarga mobil xizmatlari ko‘rsatildi.
Tadbirga “Hududgaz” AJ Samarqand viloyat filiali ham jalb etilib, “Chep” mahallasi fuqarolari tomonidan ko‘tarilgan masalalar joyida hal etildi. Shuningdek, Ijtimoiy himoya milliy agentligining Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan 14 nafar nogironligi bor fuqarolarga 5 ta nogironlik aravachasi, 6 ta qo‘ltiq tayoq va 3 ta quloq uchun ovoz kuchaytirgich moslamalari berildi.
Shuningdek, Samarqand viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda fuqarolar uchun tor doiradagi mutaxassislar jalb etilgan holda 565 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shuningdek, jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga muhtoj 10 nafar fuqaroga kam taʼminlanganligi uchun bepul operatsiya qilish choralarini ko‘rish belgilandi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati