Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
“Huquq bilimdoni”  Ombudsman viktorinasi g‘oliblari taqdirlandi
2024 yilning 2 fevral kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) hamda Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan “Huquq bilimdoni” Ombudsman viktorinasining yakuniy II bosqichi o‘tkazildi.

Insonning huquq va erkinliklarini amalga oshirishda imkoniyatlar tengligini taʼminlash nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari taʼminlanishining asosiy prinsiplaridan biri hisoblanadi.

Jamiyatda nogironligi bo‘lgan bolalarning huquq sohasiga bo‘lgan qiziqishini hamda bilimlarini oshirishga qaratilgan mazkur loyiha 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni hamda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiya qabul qilinganining 75 yilligi munosabati bilan o‘tgan yilning dekabr oyida start olgan edi.

2 bosqichdan iborat ushbu Viktorinada Toshkent va Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahrida joylashgan tayanch harakati shikastlangan bolalar uchun maktab-internatlarining 750 nafarga yaqin o‘quvchilari qamrab olingan. Xususan, Angren shahridagi 34-sonli va Qo‘qon shahridagi 9-sonli va Olmazor tumanidagi 100-sonli tayanch harakati shikastlangan bolalar uchun maktab-internatlari o‘quvchilari viktorinaning 1-bosqichida ishtirok etishgan.

Ombudsman viktorinaning yakuniy bosqichida hududlardan eng yuqori ball to‘plagan 10 nafar o‘quvchi ishtirok etdi.

Viktorina ishtirokchilari bilimlari loyiha tashabbuskorlari,  senator va deputatlar, Bolalar Ombudsmani hamda xususiy oliy taʼlim muassasasi prorektori tomonidan baholandi.  

Ishtirokchilar belgilangan vaqt ichida berilgan nazariy va hayotiy voqealardan kelib chiqqan tuzilgan amaliy savollarga javob berishdi.

Dastlab Viktorinaning final bosqichiga yetib kelgan 6 nafar ishtirokchilarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shundan so‘ng hakamlar hayʼati aʼzolari tomonidan berilgan ballar asosida aniqlangan g‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

1-o‘rin Zumrad Erkinova Angren shahridagi 34-sonli tayanch harakati shikastlangan bolalar uchun maktab-internati o‘quvchisi

2-o‘rin Fotima Rizayeva Qo‘qon shahridagi 9-sonli tayanch harakati shikastlangan bolalar uchun maktab-internat o‘quvchisi

3-o‘rin Oyatullo Zoirov Olmazor tumanidagi 100-sonli tayanch harakati shikastlangan bolalar uchun maktab-internati o‘quvchisi

Maʼlumot uchun: Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning 24-moddasiga muvofiq, Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlarning taʼlim olish huquqini eʼtirof etadi. Ishtirok etuvchi davlatlar ushbu huquqni kamsitmasdan va imkoniyatlar tengligi asosida amalga oshirish maqsadlarida barcha darajalarda inklyuziv taʼlimni va butun umri davomida o‘qitilishlarini taʼminlaydi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmat