“Ombudsman maktabi” tadbirida dastlab amaldagi va yangi tahrirdagi Mehnat Kodekslarining farqli tomonlari kiritilgan yangiliklar ularni qo‘llash mexanizmlari bo‘yicha ishtirokchilarga batafsil maʼlumotlar berildi.
Tadbirda taʼkidlanishicha, Yangi Mehnat kodeksida mehnat taʼtilining eng kam davomiyligi 21 kalendar kundan iborat bo‘ladi. Xodimlar bitta tashkilotda yoki sohadagi ish staji uchun qo‘shimcha taʼtil kunlariga ega bo‘ladilar. Xodimga ishlagan yillarining har bir 5 yili uchun 2, ammo bir ish yilida jami 8 kundan oshmagan, qo‘shimcha taʼtil kuni taqdim etiladi. Shuningdek taʼkidlash joizki, foydalanilmagan taʼtil kuymaydi va xodim ish davrida yoki mehnat shartnomasini bekor qilishda foydalanilmagan barcha taʼtillar uchun pulli kompensatsiya olishi mumkin.
Shuningdek, fuqarolar bilan bo‘lgan ochiq muloqotda tarixiy qonun deya taʼriflanayotgan Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini takomillashtirishga doir qonunning mazmun-mohiyati ochib berildi.
Tadbirda mazkur qonun bugungi kunda xotin-qizlar hamda voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilayotgan turli xil zo‘ravonlik holatlariga nisbatan qatʼiy jazo choralarini belgilash bilan bir qatorda bunday salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgani alohida taʼkidlandi.
Shuningdek, mazkur qonun bilan oiladagi jinsiy zo‘ravonlik, taʼqib qilish, shilqimlik, aliment to‘lashdan bo‘yin tovlash uchun belgilangan jazo choralari, himoya orderi muddatini sud tomonidan 1 yil muddatgacha uzaytirilishi hamda oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda uning hududiy bo‘linmalariga xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida fuqarolik ishlari bo‘yicha hamda maʼmuriy sudlarga bergan daʼvolar, arizalar va shikoyatlar yuzasidan davlat bojidan ozod qilingani haqida huquqiy tushunchalar berildi.
Ochiq muloqotda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va imkoniyat va imtiyozlar haqida so‘z bordi.
Tadbirda so‘z olgan mahalla raislari inson huquqlarini taʼminlashda aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarning muhimligiga eʼtibor qaratdi. Shuningdek, bu kabi tadbirlarni o‘tkazishda Ombudsman instituti bilan hamkorlikda ishlashga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
O‘zaro savol javob va erkin muloqot ruhida o‘tgan tadbirda navbatdagi Ombudsman maktablarida ko‘tarilishi zarur bo‘lgan sohalar bo‘yicha ham takliflar olindi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati