Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Mojaroli hududlardan qaytgan fuqarolarning repatriatsiyasi bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi o‘rganildi
Joriy yilning 3 mart kuni Toshkent shahrida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining xalqaro maslahatchisi Shaxrbanu Tadjbaxshning mamlakatimizga qilgan tashrifi doirasida “Mojaroli hududlardan qaytgan fuqarolarning repatriatsiyasi, reabilitatsiyasi va reintegratsiyasini baholashda inson huquqlariga asoslangan yondashuv: O‘zbekiston tajribasidan foydalanish” mavzusida seminar o‘tkazildi.

Seminarda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy bo‘linmasi rahbari v.B. Fabio Piana va BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining xalqaro maslahatchisi Shaxrbanu Tadjbaxsh, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Bola huquqlari bo‘yicha vakil, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakillari ishtirok etishdi.

Xalqaro maslahatchi Shaxrbanu Tadjbaxsh, BMT Bosh kotibi Antonio Gutterishning shu yil 2 mart kuni tvitterda eʼlon qilgan postiga eʼtibor qaratdi. “Bugun Iroqda Suriyadagi Al-xol lageridan qaytganlar bilan uchrashdim. Iroqda fuqarolari bo‘lgan barcha mamlakatlarni o‘z fuqarolarini xavfsiz va munosib ravishda vataniga qaytishini taʼminlash bo‘yicha harakatlarni kuchaytirishga chaqiraman”, - degan BMT Bosh kotibi. Shaxrbanu Tadjbaxsh o‘z maʼruzasida hozirda ko‘plab mamlakatlar xavfsizlik nuqtai nazaridan, shuningdek, siyosiy va jamoatchilik orasidagi qo‘rquv, mavjud xavfni aniqlash bo‘yicha faktlarning yetarli emasligi, jinoiy, huquqiy, maʼmuriy choralar va boshqa sabablar tufayli o‘z fuqarolarini vataniga qaytarishni xohlashmayotganini qayd etdi.

Eslatib o‘tamiz, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 49-sessiyasi doirasida Terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish masalalari bo‘yicha maxsus maʼruzachi Fionnuala ni Aolaynn O‘zbekistonning “Mehr” operatsiyasi doirasida fuqarolarni mamlakatga qaytarish, reabilitatsiya va reintegratsiya qilish borasidagi saʼy-harakatlarini yuksak baholagan edi.

Tadbirda Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani) Aliya Yunusova ayollar va bolalarni qurolli mojarolar bo‘layotgan hududlardan vataniga qaytarish borasidagi O‘zbekiston tajribasiga to‘xtaldi. Qayd etilishicha, Davlat rahbarining shaxsiy tashabbusi bilan “Mehr” insonparvarlik operatsiyasining beshta bosqichi amalga oshirilgan. Mazkur operatsiyalar doirasida aldov oqibatida o‘zga yurtga borib qolib, og‘ir hayotiy davrni boshidan o‘tkazgan bu insonlarga hukumat tomonidan tibbiy, psixologik, moddiy va maʼnaviy yordam ko‘rsatilgan. Ularning tinch hayotga qaytib, jamiyatga moslashishlari, taʼlim va ijtimoiy dasturlarda ishtirok etishlari uchun zarur sharoit yaratiladi, boshpana va ish bilan taʼminlash choralari ko‘rilgan.

Shuningdek, O‘zbekistonning bolalar va ayollarni nizoli hududlardan olib kelish va ularni jamiyatga moslashtirish bo‘yicha tajribasi xalqaro miqyosda eʼtirof etilmoqda. Ushbu tajribani o‘rganish maqsadida mamlakatimizga Qirg‘iziston, Turkmaniston, Maldiv Respublikalarining delegatsiyalari tashrif buyurgani qayd etildi.BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining xalqaro maslahatchisi O‘zbekistonning ushbu tajribasini eʼtirof etar ekan, uni boshqa mamlakatlar uchun metodologiya ishlab chiqishda qo‘llash maqsadga muvofiqligini bildirdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati