Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Sud sohasidagi gender tenglik va huquq ustuvorligini taʼminlashda ayol sudyalarning roli
BMT Bosh Assambleyasining 2021 yil 28 apreldagi 75/274-sonli rezolyutsiyasi bilan “10 mart – Xalqaro ayol sudyalar kuni” deb belgilangan.

2022 yilning 14 mart kuni sana munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy Majlis Senati, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Sudyalar oliy kengashi, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bilan hamkorlikda “Sud sohasidagi gender tenglik va huquq ustuvorligini taʼminlashda ayol sudyalarning roli” xalqaro konferensiya tashkil etildi.

Xalqaro konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva hamda YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori elchi Pyer fon Arks janoblarining qutlov so‘zlari bilan boshlandi.

Tadbirda so‘z olgan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova sud tizimida xotin-qizlar ishtirokini oshirish zarurati O‘zbekistonning “Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida konvensiya”, Pekin deklaratsiyasi va Pekin harakatlar platformasi bo‘yicha majburiyatlaridan kelib chiqishiga eʼtibor qaratdi.

- Ushbu hujjatlar ayollarning davlat boshqaruvida lavozimlarni egallash, davlat boshqaruvining barcha darajalarida, jumladan sud tizimida xotin-qizlar uchun imkoniyatlar tengligini taʼminlash majburiyatini yuklaydi. Bundan tashqari, mazkur hujjatlarda xotin-qizlarning odil sudlovdagi ishtirokini taʼminlash nazarda tutilgan. Xorijiy davlatlar amaliyotida ayol sudyalarning ko‘payishi aholining sud hokimiyatiga bo‘lgan ishonchining oshishiga olib kelishi kuzatilgan.

Tadbirda qayd etilishicha, bugungi kunda sud tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan sudyalarning 16 foizi ayol sudyalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Oliy sudda esa bu ko‘rsatkich 21 foizni tashkil etadi.

Eʼtiborlisi, ko‘plab ayol sudyalar odil sudlov sohasida rahbarlik lavozimlarida samarali mehnat qilishmoqda.

Jumladan, 5 nafar ayol sudyalar viloyat sudlari raislari va rais o‘rinbosarlari lavozimida, 75 nafar ayollar esa Sudyalar oliy kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va viloyat sudlarida sudya lavozimida, 20 nafar ayollar bo‘lsa tuman, shahar va tumanlararo sudlarining raisi lavozimida faoliyat olib bormoqda.

Shuningdek, joriy o‘quv yilida Oliy sudyalik maktabining magistratura bosqichiga qabul qilingan 76 nafar talabaning 16 nafari yoki 23 foizi ayollardan iborat. Ularning aksariyat qismi sertifikatlarni qo‘lga kiritib, tanlov konkursidan muvaffaqiyatli o‘tgach, sudyalik lavozimiga tayinlanadi va bu bilan sud tizimidagi gender ko‘rsatkichi sezilarli darajada oshadi.

 

Muhokamalarda sud sohasidagi gender tenglik holati va istiqboldagi rejalar, sud tizimidagi gender vaziyatni yana-da yaxshilash bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.

Konferensiya yakunida O‘zbekiston Respublikasi odil sudlov sohasida ko‘p yillar davomida fidokorona mehnat ko‘rsatgan bir guruh ayol sudyalar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining faxriy yorliqlari bilan munosib taqdirlandilar.

Shuningdek, konferensiya natijalari bo‘yicha ayol sudyalar hamjamiyati butun O‘zbekiston Respublikasi odil sudlov tizimiga murojaatnoma yo‘lladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati