Vakilning mintaqaviy vakili quyidagi huquqlarga ega:
tegishli mintaqada yashovchi jismoniy shaxslarning yoki tegishli mintaqada joylashgan nodavlat notijorat tashkilotlarining murojaatlarini qabul qilish va ko‘rib chiqish, ularning buzilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini tiklashda ko‘maklashish;
mahalliy davlat hokimiyati organlariga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarga va ularning mansabdor shaxslariga aniqlashtirilishi lozim bo‘lgan holatlar yuzasidan tekshiruv o‘tkazishda ko‘maklashishni so‘rab murojaat qilish, shuningdek ulardan ko‘rib chiqilayotgan masalalar bo‘yicha hujjatlar, materiallar va boshqa maʼlumotlarni so‘rash hamda olish;
inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularni himoya qilish sohasida axborot-maʼrifiy ishlarni amalga oshirish, shu jumladan mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikda amalga oshirish.
Vakilning mintaqaviy vakili:
o‘z faoliyati to‘g‘risida har chorakda Vakilga axborot taqdim etishi;
arz qiluvchining shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi maʼlumotlarni, shuningdek shikoyatlarni tekshirishga doir axborotni Vakilning ruxsatisiz va roziligisiz oshkor etmasligi shart.
Vakilning mintaqaviy vakili qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari Vakilning mintaqaviy vakili faoliyatiga ko‘maklashadi.
Vakilning mintaqaviy vakili inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir faoliyati to‘g‘risida har yili tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesini, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarini xabardor qiladi.
Vakilning mintaqaviy vakiliga Vakil tomonidan imzolanadigan guvohnoma beriladi.
Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha
vakili (ombudsman) Matbuot xizmati