Mazkur masala dastlab siyosiy partiyalar fraksiyalari majlislarida batafsil muhokama qilingan edi. Muhokamalar jarayonida fraksiya aʼzolari tomonidan Harakatlar strategiyasi doirasida belgilangan vazifalarni hal etishda Ombudsmanning bevosita ishtirok etishi orqali uning faoliyati sifatini oshirishga qaratilgan takliflar bildirildi.
Majlisda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili
F. Eshmatova hisobot bilan so‘zga chiqdi.
Taʼkidlanganidek, o‘tgan 2020 yil dunyo hamjamiyati uchun sinovli yil bo‘ldi. Koronavirus pandemiyasi jahon mamlakatlarining ijtimoiy-iqtisodiy o‘sish surʼatlariga taʼsir ko‘rsatdi. Ishlab chiqarish jarayonlarini susaytirdi. Bir so‘z bilan aytganda, barcha sohalarga o‘zining salbiy taʼsirini ko‘rsatdi. O‘zbekistonning besh yillik taraqqiyot yo‘lini belgilab bergan Harakatlar strategiyasi qabul qilinganidan buyon, yilma-yil inson huquqlari va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha juda katta yutuqlarga erishildi. Xususan, Ombudsman faoliyatining huquqiy asoslari mustahkamlanib, Vakil vakolatlari kengaytirildi, Ombudsman huzurida qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizm yo‘lga qo‘yilib, bu orqali jazoni ijro etish muassasalarida, tergov hibsxonalari va boshqa yopiq muassasalarda inson huquqlarining taʼminlanishi bo‘yicha jamoatchilik nazorati o‘rnatildi.
Shuningdek, mamlakatimizda bolalar mehnati to‘liq bartaraf etilib, Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari – Bola huquqlari bo‘yicha vakil faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Afv etish va jamoat birlashmalari kafilligi ostida shaxslarni jazodan ozod qilishning mutlaqo yangi tizimi joriy etilishi, ozodlikdan mahrum qilish joylarida saqlanayotgan mahkumlar sonining 2,5 baravarga kamayishi inson huquqlarini himoyalash sohasida muhim qadam bo‘ldi.
Ombudsman taʼkidlashicha, inson huquqlari sohasida olib borilayotgan islohotlar, ijobiy o‘zgarishlar nafaqat xalqimiz, balki jahon hamjamiyati tomonidan ham yuqori baholanyapti. O‘tgan yili AQSH Davlat departamentining rasmiy bayonotida O‘zbekiston diniy erkinlik bo‘yicha “Maxsus kuzatuvdagi davlatlar ro‘yxati”dan (Special Watch List) chiqarilgani eʼlon qilindi. Bu natijaga erishish yo‘lida O‘zbekiston ekstremizmga qarshi kurashish chora-tadbirlarini amalga oshirishdagi yondashuvlarni konseptual jihatdan qayta ko‘rib chiqdi. Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taʼqiqlanganlar tashkilot va guruhlarga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod qilish tartibi tasdiqlandi. To‘g‘ri yo‘ldan adashgan va qilmishiga chin dildan pushaymon bo‘lgan fuqarolarga o‘z oilalariga qaytish imkoniyati berildi.
Pandemiya Ombudsmanning inson huquq va erkinliklarini himoya qilishdagi faoliyatiga o‘zining taʼsirini ko‘rsatmasdan qolmadi. Bunda, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha Vakili (Ombudsman) tomonidan fuqarolarning shaxsiy qabuli vaqtincha to‘xtatilgan bo‘lsada, Ombudsmanning ishonch telefoniga hamda elektron manziliga kelib tushgan murojatlar soni oldingi yillarga nisbatan oshdi.
Qatʼiy karantin talablari o‘rnatilgan bo‘lishiga qaramay Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha Vakili (Ombudsman) o‘zining mehnat faoliyatini doimiy tarzda davom ettirdi. Xususan, Ombudsman va uning Kotibiyati xodimlari, jamoatchilik faollari bilan birgalikda karantin majmualari, tibbiy muassasalar, Milliy preventiv mexanizm doirasida jazoni ijro etish muassasalarida inson huquqlarining taʼminlanish holatini o‘rganish maqsadida muntazam monitoring tadbirlarini amalga oshirdi.
Qayd etilganidek, 2020 yilda Ombudsman nomiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan jami 14 975 ta murojaat kelib tushdi.
Murojaatlarning 33,5 foizi inson va fuqaroning shaxsiy huquq hamda erkinliklariga, 37,3 foizi ijtimoiy, 25,3 foizi iqtisodiy, 3,0 foizi siyosiy va 0,7 foizi ekologik huquqlarga tegishlidir.
2020 yilda Ombudsman parlament nazorati subyekti sifatida 4 486 ta murojaatni ko‘rib chiqishni o‘z nazoratiga oldi hamda davlat va jamoat tashkilotlariga ular bo‘yicha 4 987 ta so‘rov yubordi.
Shuningdek, Ombudsmanning fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan tavsiyalar berilgan 16 ta xulosasi tayyorlanib, viloyat hokimliklariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga va Bosh prokuraturaga, Ichki ishlar vazirligiga yuborilgan. Bundan tashqari, sudlarga 30 ta daʼvo arizasi hamda 21 ta taqdimnoma kiritildi. Shu bilan birga Vakil xulosasi asosida prokurorlar tomonidan sud qarorlariga nisbatan 7 ta protest kiritildi.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida tashkilotlarning qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakati yoki harakatsizligi ustidan shikoyatlar 1250 ta holatda asosli bo‘lib chiqdi. Murojaat etuvchilarning dalil-isbotlari 625 ta holatda o‘z tasdig‘ini topmadi, 1848 ta holatda tashkilotlar va ular mansabdor shaxslarining qarorlari qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lib chiqdi hamda murojaat etuvchilarning huquqlari, erkinliklari va manfaatlari buzilmaganligi maʼlum bo‘ldi. Ko‘rib chiqishga qabul qilingan murojaatlarning 763 tasi o‘rganish jarayonida.
Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan 2543 ta murojaat yuzasidan amaldagi qonun hujjatlari normalariga oid tushuntirishlar va bu murojaatlarda ko‘tarilgan muammolarni hal etishga doir tavsiyalar berildi.
Ombudsman huzuridagi Milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat ko‘rsatuvchi jamoatchilik vakillaridan iborat bo‘lgan Ekspert guruhi tomonidan 2020 yilning o‘n ikki oy davomida qamoqda saqlash joylarida jami 76 ta monitoring tashriflari amalga oshirildi.
Xususan, monitoring tashriflarining 42 tasi jazoni ijro etish muassasalarida (16 tasi manzil-koloniyalarda va 26 tasi jazoni ijro etish koloniyalarida), 9 tasi vaqtincha saqlash hibsxonalarida, 8 tasi ichki ishlar bo‘limlarida, 6 tasi tergov hibsxonalarida, 5 tasi Maxsus qabulxonalarida, 2 tasi Reabilitatsiya markazlarida hamda 4 tasi karantin markazlarda amalga oshirildi.
Monitoring tashriflari davomida aniqlangan kamchiliklar hamda o‘z yechimini kutayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan Ichki ishlar vazirligiga va Bosh prokuraturaga maxsus axborot kiritilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan olib borilayotgan insonparvarlik siyosatini uzviy davom ettirish va mahkumlarning huquqlarini himoya qilish maqsadida jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan keksa yoshdagi hamda nogironligi bo‘lgan va sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra, turli kasalliklar bilan davolanayotgan mahkumlar tarkibi Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda tahlil etildi. Tahlillarga ko‘ra, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga o‘tgan 58 nafar 70 yoshdan oshgan erkak hamda 60 yoshdan oshgan ayol mahkumlar ro‘yhati Afv etish masalalari bo‘yicha komissiyaga ko‘rib chiqish uchun taqdim etildi.
Shuni alohida taʼkidlab o‘tish kerak-ki, Jahondagi Ombudsman institutlari salohiyatini baholash bo‘yicha faoliyat yurituvchi Milliy inson huquqlarini himoya qilish muassasalarining Global alyansi Ekspertlar guruhi tomonidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha Vakili (Ombudsman) instituti o‘zining xalqaro pozitsiyasini mustahkamlab, “B” maqomga ko‘tarilganligini eʼtirof etildi. Bu bilan Ombudsman institutining xalqaro hamjamiyatdagi o‘rni yana-da mustahkamlandi.
Majlisda Ombudsmanning 2020 yildagi faoliyatiga doir hisobot tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqildi. Shundan so‘ng muhokamalar davomida bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda, deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning 2020 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni maʼqulladilar va tegishli qaror qabul qildilar.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisning Inson huquqlari
bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati