Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
"Tenglik va hurmat" platformasi: Sirdaryoda zo‘ravonlikdan jabrlangan 9 nafar ayolning murojaatlari o‘rganildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan “Tenglik va hurmat” platformasi doirasida Ayollar va bolalarni reabilitatsiya qilish Sirdaryo viloyati hududiy markazida ochiq muloqot va sayyor qabul tashkil etildi.

Uchrashuvda Ombudsmanning Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad markazda farzandlari bilan birga vaqtincha istiqomat qilayotgan ayollarning huquqiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ruhiy holatini barqarorlashtirish hamda ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashishdan iborat bo‘ldi.

Ochiq muloqot davomida ayollarga tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanganlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, mavjud ijtimoiy yordam va imtiyozlardan foydalanish tartibi yuzasidan huquqiy maslahatlar berildi.

Shuningdek, zo‘ravonlik holatlarining kelib chiqish sabablari va ularning oldini olish masalalari muhokama qilindi. Bunda nafaqat jabrlanganlarni qo‘llab-quvvatlash, balki zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar bilan ham manzilli profilaktik ishlarni olib borish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir doirasida markazda vaqtincha istiqomat qilayotgan ayollar uchun sayyor qabul ham o‘tkazildi. Unda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan 9 nafar ayolning murojaatlari tinglanib, ularning muammolari o‘rganildi.

Xususan, fuqaro S.M.ga shaxs guvohnomasini rasmiylashtirishda amaliy yordam ko‘rsatildi.

O‘rganishlar natijasida jami 9 ta murojaat kelib tushdi, shundan 2 ta murojaat joyida ijobiy hal etildi, 5 ta murojaat tegishliligi bo‘yicha mas’ul tashkilotlarga yuborildi, 2 ta murojaat esa Ombudsmanning mintaqaviy vakili tomonidan ish yurituviga qabul qilindi.

Bunday uchrashuv va sayyor qabullar xotin-qizlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda mavjud muammolariga o‘z vaqtida yechim topishga xizmat qiladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati