Tahlillarga ko‘ra, Boysun tumanidan 2025-yilda 215 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, 2026-yilning dastlabki 9 oyida esa 164 ta murojaat qayd etilgan. Joriy yilda kelib tushgan murojaatlarning aksariyati shaxsiy, ijtimoiy, iqtisodiy, murojaat etish hamda xotin-qizlar va bolalar huquqlariga oid masalalarni tashkil etadi. Mazkur ko‘rsatkichlar hududda fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning murojaatlarini o‘rganish hamda huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish dolzarbligini ko‘rsatadi.
Shu munosabat bilan, Ombudsmanning Surxondaryo viloyatiga tashrifi doirasida joriy yilning 13-noyabr kuni viloyatning Boysun tumanida «Ombudsman maktabi» loyihasi asosida sayyor qabul va ochiq muloqot tashkil etildi. Tadbirda tumandagi "Bibishirin", "Kosiblar", "Sho‘rsoy", "Tuz bozor", "Poyga boshi" va "Gaza" mahallaridan 100 nafarga yaqin aholi qatnashdi.
Ochiq muloqot davomida Ombudsmanning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarni ta’minlashdagi o‘rni, tashqi mehnat migratsiyasi, xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarni kasb-hunar va xorijiy tillarga maqsadli o‘qitish, noqonuniy migratsiyaning salbiy oqibatlari, aholiga tibbiy yordam va xizmat ko‘rsatish tartibi, tibbiy sug‘urtaning mohiyati hamda undan foydalanish yo‘llari yuzasidan tushuntirishlar berildi. Shuningdek, xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalari ham muhokama qilindi.
Tadbir doirasida fuqarolarning murojaatlari tinglanib, ularni qiynayotgan masalalar yuzasidan sayyor qabul ham o‘tkazildi. Murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarni o‘rganish, ularning qonuniy yechimini ta’minlash hamda tegishliligi bo‘yicha mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda choralar ko‘rish masalalariga e’tibor qaratildi.
«Ombudsman maktabi» loyihasi doirasidagi bunday tadbirlar inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, aholining huquqiy xabardorligini oshirish hamda Ombudsman institutining fuqarolar bilan bevosita muloqotini kengaytirishga xizmat qiladi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






